Dekabr oyida yevrohududda inflyatsiya avgust oyidan beribirinchi marta bir xonali raqamga qaytdi va 9,2%ni tashkil etdi, deya xabar bermoqda “Forbes Russia” Yevrostat ma’lumotlariga tayanib.

Oxirgi marta Yevropada inflyatsiya 2022-yil avgustida 10%dan past bo‘lgan, o‘shanda u yillik 9,1%ni tashkil etgan. Keyingi oylarda inflyatsiya 10%dan pastga tushmagan.

Dekabr oyida yevrohududda inflyatsiyaning pasayishining yagona sababi energiya narxlarining sekinlashishi boʻldi.

“Bloomberg"ning qayd etishicha, Yevropadagi mavsumiy issiq ob-havo energetika inqirozi haqidagi qo‘rquvni yo‘qqa chiqardi va gaz narxini Rossiyaning Ukrainadagi urusggacha bo‘lgan darajaga tushirdi.

“Bu Yevropa mamlakatlarida iste’mol narxlari o‘sishining cho‘qqisi o‘z chegarasiga yetganiga umid beradi”, deb yozadi “Bloomberg”.

Ammo shu bilan birga, energiya va oziq-ovqat xarajatlarini hisobga olmaganda, asosiy inflyatsiya dekabr oyida rekord darajadagi 5,2%ga ko‘tarildi.

“Bloomberg"ning yozishicha, katta ehtimol bilan Yevropa Markaziy banki bu ko‘rsatkichga e’tibor qaratadi va kelajakda agressiv stavkalarni oshirish siyosatini davom ettiradi.


Avvalroq “Spot” Oʻzbekistonda 2022-yil yakuni boʻyicha inflyatsiya 12,3%ni tashkil qilgani haqida yozgandi.