Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan videokonferensaloqa orqali muzokaralar o‘tkazdi. BU haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
“Biz Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan mavjud hamda ishlab chiqilayotgan qo‘shma loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish uchun har tomonlama yordam ko‘rsatishga va aniq amaliy choralar ko‘rishga tayyormiz”, — dedi Laziz Kudratov.
Saudiya Arabistonining “Sabic”, “Saudi Telecom”,"Jamjoom Pharma" kabi kompaniyalari va Saudiya Milliy banki bilan muqobil energiya, bank sektori, kimyo, farmatsevtika sanoati, telekommunikatsiyalar, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va chakana savdo kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan konstruktiv fikr va takliflar almashildi.
Shuningdek, yirik mintaqaviy transport-logistika, energetika va infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirishga Saudiya Arabistoni sarmoyalarini jalb qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Avvalroq, Saudiya Arabistoni kompaniyasi Oʻzbekistondan “halol” mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyishi haqida xabar berilgandi.