Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev kutilayotgan anomal sovuq munosabati bilan tegishli chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, anomal sovuq kunlar davrida, 9−18-yanvar kunlari shahar va tuman hokimliklarida, boshqarmalar va ularning tuman bo‘limlarida har qanday majlislar tadbirlar, mas’ullarni asosiy faoliyatidan chalg‘ituvchi boshqa yig‘ilishlarni o‘tkazish taqiqlanadi.
Vaziyatlarni boshqarish yuzasidan topshiriqlar telefon va onlayn aloqa tizimlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi.
Shu bilan quyidagi topshiriq va vazifalar ham belgilandi:
- qolipli non ishlab chiqaruvchilarga gaz va elektr energiyasi uzluksiz yetkazib berilishini nazoratga olish;
- oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash;
- shahar jamoat transportining tizimli ishlash choralarini ko‘rish;
- markaziy va ichki yo‘llarni tezkorlik bilan qor va muzlamalardan tozalashni tashkil qilish;
- boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan ko‘p qavatli uylar yo‘laklarini qor va muzlamalardan o‘z vaqtida tozalashni ta’minlash;
- elektr tizimida avariyalarni tezkor bartaraf etish;
- navbatchilik, shtablar va call-markazlar faoliyatidagi aloqa telefonlarining uzluksiz ishlashini nazoratga olish;
- aholini jamoat transportidan foydalanishiga keng imkoniyatlar yaratish va imkon qadar shaxsiy transport vositasidan foydalanmaslikni tavsiya etish.
Bundan tashqari, tug‘ruqxonalar, shifoxonalar, muruvvat va mehribonlik uylarining issiqlik ta’minotini alohida nazoratga olish, ulardagi mavjud elektr generatorlarini yoqilg‘i bilan ta’minlash, to‘xtovsiz ishlashi uchun shay holatga keltirish topshirildi.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan esa 2 kun muddatda jamoat joylarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qayta ko‘rik-nazorat tadbirlarining o‘tkazilishini ta’minlash belgilandi.
Ikki kun muddatda 103 tez tibbiy yordam mashinalarini tibbiy anjom va dori vositalari bilan ta’minlanganlik darajasi ko‘zdan kechirilib, yetishmovchiliklar to‘ldiriladi.
Avvalroq, kutilayotgan anomal sovuq kunlari energotizimda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar ham belgilab berilgandi.
Shuningdek, barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalarida qishki ta’til muddati 17-yanvarga qadar uzaytirildi.
Bundan tashqari, talabalar uchun avia hamda temir yo‘l chiptalariga chegirma muddati 18-yanvargacha uzaytirilib, 9-yanvargacha xarid qilingan avia va temir yo‘l chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib beriladi.
Qishki ta’til kunlari uzaytirilishi munosabati bilan Toshkent-Termiz-Toshkent va Toshkent-Urganch-Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yildi.