Butun dunyoda “Amazon”, “Alibaba”, “Sber” kabi kompaniyalar ekotizimlar qurmoqda. Bu tendensiya O‘zbekistonda ham ommalashmoqda. “Click”, “O‘zsanoatqurilishbank” kabi ko‘plab kompaniyalar o‘z ekotizimlarini yaratish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Ekotizim — bu bitta kompaniya atrofida birlashgan xizmatlar to‘plami. Masalan, “Yandex” taksi, yetkazib berish, pochta, musiqa kabi xizmatlarni o‘z ichiga olgan.
Foydalanuvchilar uchun afzalliklari shundaki, siz doimo login va parolingizni kiritishingiz shart emas, chunki barcha xizmatlar uchun umumiy hisob mavjud. Iste’molchilar ham, biznes egalari ham ekotizimdan foydalanadilar. Foydalanuvchilar obuna evaziga qulay imkoniyatlarga ega bo‘lishsa, biznes egalari ko‘proq mijozlarni jalb qiladi.
O‘zbekistonda ekotizimlar qanday rivojlanayotgani va kelajakda bu sohada nima sodir bo‘lishini biz ushbu soha mutaxassislari: Muzaffar A’zamov — Elektron tijorat uyushmasi raisi, Roman Lavrentyev — “Uzum” boshqaruvchi direktori, Asqarbek Alshanbayev — MDH bo‘yicha “Zoodmall” / “Zoodpay” bosh direktori bilan birgalikda aniqladik.
O‘zbekistonda elektron tijorat qanday rivojlanmoqda
Iste’molchilarning elektron tijoratga qiziqishi ortib bormoqda, deb hisoblaydi Muzaffar A’zamov. Bunga bir qancha dalillar bor. Xususan, Markaziy bank maʼlumotlariga ko‘ra, 2020-yil yanvar holatiga bank ilovalarini yuklab olishlar soni 10 mln.ni tashkil etgan bo‘lsa, 2 yildan so‘ng bu ko‘rsatkich ikki barobarga oshib, 20 mln marta yuklangan (2022-yil yanvar oyi maʼlumotlari. 2022-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 29 mln kishiga yetdi — “Spot”). Demak, iste’molchilarning ushbu xizmatlarni afzal ko‘rish ko‘rsatkichi yiliga 50% ga o‘smoqda.
“Bu iste’molchilarning odatlari qanchalik tez rivojlanayotganini, ular tomonidan talab borligini va biznesning ushbu talabni qondira olishini ko‘rsatadi. Qolaversa, joriy yilda bozorga yirik o‘yinchi — „Wildberries“ kirib keldi, „Zoodmall“ faol ishlashda davom etmoqda, „Uzum“ o‘zini yaxshi eʼlon qildi, agressiv reklama kampaniyasini olib borib, munosib xizmat ko‘rsatmoqda”, — dedi Aʼzamov.
O‘zbekistonga elektron tijoratning kirib kelish ulushi, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 1−3%ni tashkil etmoqda. Bu ulush 20%ni tashkil etgan Xitoy va 10%ga yaqin bo‘lgan qo‘shni Qozog‘iston bilan solishtirganda, past ko‘rsatkich. Ammo o‘sish uchun bozor qonuniy ishlash usullariga o‘tishi kerak, deb hisoblaydi Elektron tijorat uyushmasi raisi.
“Uzum” tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning elektron tijorat bozori 2026-yilga borib $1,8 mlrd.ni tashkil etadi. “Uzum” boshqaruvchi direktori bu raqamlarni biroz past baho deb hisoblaydi, chunki pandemiyadan keyingi o‘sish sur’atlari avvalgi prognozlardan ancha yuqori.
Kelgusi yilda elektron tijorat bozorining jadal rivojlanishi va onlayn biznesning ommaviy oqimi kutilmoqda, deb hisoblaydi Asqarbek Alshanbayev. Uning fikricha, kompaniyalar onlayn savdo kanallarini yaratishga faol kirishadilar.
“Menimcha, 2026-yilga borib onlayn savdo kanali ko‘plab kompaniyalar uchun asosiy kanalga aylanadi. Bu shuni anglatadiki, sotuvlarning 50%dan ortig‘i onlayn savdodan tushadi”, — dedi “Zoodmall” vakili.
Shuningdek, marketpleyslar o‘rtasidagi raqobat ham o‘sib boradi: ham narx borasida, ham mahsulot toifalarining kengayishi borasida. Agar hozir saytlarda asosan elektronika, kiyim-kechak, kosmetika mahsulotlari joy olgan bo‘lsa, Alshanbayevning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda qurilish materiallarini ham, katta hajmdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ham topish mumkin bo‘ladi.
Elektron tijoratdagi muhim o‘zgarish — bozorga yirik o‘yinchilarning kirib kelishi bo‘ldi. Ko‘pincha bunday hodisa sohaning tez o‘sishi bilan tavsiflanadi. Buning sababi shundaki, yirik o‘yinchilar eng boshida katta investitsiyalar talab qilinadigan bir paytda bozorda o‘z o‘rnini egallash uchun yetarlicha tajriba va moliyaviy resurslarga ega.
“Bozorga ikkita yirik marketpleys kirib keldi: „Uzum“ va „Wildberries“ — bu yaxshi signal. Bizning bozorimizni o‘zgartira oladigan katta o‘yinchi yo‘q edi. Masalan, „Yandex“ O‘zbekistonga kirgunga qadar mamlakatda turli sabablarga ko‘ra reklama va hokazolarga katta byudjet sarflay olmaydigan taksi xizmatlari ko‘p bo‘lgandi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, faqatgina „Yandex“ ilovasining o‘zi uchun $10 mln.dan ortiq mablag‘ sarflangan. Bundan tashqari, ishga tushirishdan oldin Yandex haydovchilarni jalb qilish uchun katta marketing kampaniyasini o‘tkazdi. Mahalliy kompaniyalarda reklama kampaniyalarini bunchalik agressiv olib borish va bozorni zabt etish uchun bu qadar byudjet yo‘q edi”, — deydi Muzaffar Aʼzamov.
Uning fikricha, “Yandex” ko‘rinishidagi yirik o‘yinchining kirib kelishi taksi bozoridagi vaziyatni tubdan o‘zgartirdi, shunga o‘xshash ssenariy elektron tijoratda ham kuzatilmoqda, shunday paytda yirik o‘yinchining kelishi sohaning jadal sur’atlarda rivojlanishiga imkon beradi.
O‘zbekistondagi ekotizimlar
Ekotizimlar O‘zbekistonda yangi hodisa bo‘lib, ko‘plab IT-kompaniyalar bunga intilishmoqda. Mutaxassislarimiz ekotizimlar va o‘z kompaniyalarida uni qanday qurishayotgani haqida o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Uzum
“Uzum” raqamli IT-ekotizim bo‘lib, o‘z atrofida bir nechta xizmatlarni birlashtiradi: “Uzum Market”, “Uzum Bank” va “Uzum Nasiya”.
“Uzum Bank” “Apelsin” raqamli banki bilan integratsiyalashuv natijasida tashkil etildi:
“Kelishilgan birinchi narsa, barcha brendlarimiz bir xil nom ostida bo‘lishi edi. Bu biz uchun juda muhim, chunki foydalanuvchi ekotizimni tanib olishi kerak. Ikkinchidan, biz mahsulot darajasida integratsiyalashishga kelishib oldik. Masalan, „Uzum Bank“ ilovasi orqali buyurtma berish nuqtasida (BBN) to‘lovni amalga oshirayotganda foydalanuvchilar 5% keshbek oladi. Shunday qilib, bizning vazifamiz mijozlarimizga maksimal foyda keltirish va ular uchun ekotizim ichida qolishlari foydali bo‘lishi uchun xizmatlarni bir-biri bilan integratsiya qilishdir”, — dedi Roman Lavrentyev.
Kompaniya Toshkentdan tashqari O‘zbekistonning 15 ta shahrida faoliyat yuritadi. Marketpleysda asosiy e’tibor, albatta, namoyish etilayotgan mahsulotning omborda mavjud ekanligiga qaratiladi. Bundan tashqari, xaridorlar buyurtma bergandan keyin ertasi kuni tovarlarni olishlari kafolatlanadi.
“Uzum” dastlab tez yetkazib berishni ta’minlash maqsadida omborlar va o‘zining logistika infratuzilmasini qurishga sarmoya kiritdi.
“Biz Toshkentdagi distribyutorlik markazidan O‘zbekistonning boshqa hududlarida qo‘shimcha omborlar qurmay turib, mamlakatning deyarli istalgan nuqtasiga yetib borishimiz mumkinligini tushunamiz. 25 ming kv.m maydonga ega omborxona 100 ming dona tovarni saqlash imkonini beradi. Bundan tashqari, bizda o‘z logistika xizmatimiz bor: avtomobillar shahar bo‘ylab yetkazib berishni amalga oshiradi yoki boshqa shaharlardagi qabul qilish punktlariga tovarlar yetkazib beradi”, — dedi Roman Lavrentyev.
Shuningdek, u kompaniya savdogarlarni faol tarzda hamkorlikka taklif qilishini qo‘shimcha qildi. Hamkorlar o‘z tovarlarini omborga jo‘natadi, u yerda ular bepul saqlanadi va o‘sha yerdan qayerga va qachon yetkazib berilishi hal qilinadi. Mijoz buyurtmasini olgan zahoti “Uzum” narxi va toifasiga qarab 3−20% komissiya ushlab qolgan holda pulni savdogarlarga o‘tkazadi. Jamoa allaqachon kuniga mingdan ortiq buyurtmalarni qayta ishlamoqda.
Lavrentyevning so‘zlariga ko‘ra, “Uzum"ning shu kabi boshqa xizmatlardan tub farqi shundaki, kompaniya ekotizim qurmoqda. Shunday qilib, xizmatlardan biridan foydalangan holda, mijoz avtomatik ravishda boshqa barcha xizmatlarga kirish huquqiga ega bo‘ladi. Va bu muammosiz amalga oshiriladi, ya’ni siz qayta identifikatsiyalash yoki ro‘yxatdan o‘tmasdan xizmatlarni boshqasiga almashtirishingiz mumkin.
“Bundan tashqari, xizmatdan foydalanish orqali iste’molchilar keshbek shaklida qo‘shimcha imtiyozga ega bo‘ladilar. Shunday qilib, yagona ekotizimda iste’mol qilish foydaliroq bo‘ladi”, — dedi Lavrentyev.
Zood
“Zood” shtab-kvartirasi Shveytsariyada joylashgan global kompaniya bo‘lib, 2017-yilda tashkil etilgan. Bu, shuningdek, uchta elementdan iborat ekotizim: “Zoodmall”, “Zoodpay”, “Zoodship”.
Kompaniya beshta davlatga kirib borgan: O‘zbekiston, Pokiston, Iordaniya, Livan va Iroq. Savdo hajmi bo‘yicha O‘zbekiston, Pokiston va arab mamlakatlariga 30%dan to‘g‘ri keladi.
“Zoodmall” O‘zbekistonda 2019-yilda ishga tushirilgan. Dastlab, Xitoy va turk tovarlariga buyurtma berish va turli yo‘llar bilan, jumladan, bo‘lib-bo‘lib onlayn to‘lash mumkin bo‘lgan, keyinchalik bunga mahalliy savdogarlar qo‘shila boshlandi. Hozirda platformada 4 mingdan ortiq mahalliy va 30 mingdan ortiq xorijiy sotuvchilar (Xitoy va Turkiya) mavjud.
“Xitoy va Turkiyada biz hamkorlar va sotuvchilar izlayapmiz, lekin bu bozorlarda yuqori raqobat tufayli u yerda sotmaymiz. Besh yil oldin, diqqatimiz Xitoyga qaratilgan edi, chunki turli toifadagi deyarli barcha pozitsiyalarni yopadigan ko‘plab sotuvchilarni ulash oson edi. Shunday qilib, bizda 6 mln nomdagi mahsulotlar bor edi”, — deydi Asqarbek Alshanbayev.
Shuningdek, u kompaniya ekotizimni kengaytirishda davom etayotganini va yangi xizmatlarni ishga tushirishni rejalashtirayotganini, ularda ham bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkinligini qo‘shimcha qildi. Ekotizim vertikal va gorizontal ravishda rivojlanmoqda. Misol uchun, to‘lov vositalari nuqtai nazaridan, kartadan kartaga pul o‘tkazmalari, xizmatlar uchun to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash va boshqa imkoniyatlar tez orada paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, ekotizimning bir qismi sifatida “Zoodtravel” — avia va temir yo‘l chiptalarini sotish xizmati ham mavjud bo‘ladi.
“Zoodmall” hududiy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya turli kanallar orqali targ‘ib qilinadigan bo‘lib-bo‘lib to‘lash vositalarini faol rivojlantirmoqda: offlayn (bo‘lib-bo‘lib xarid qilish mumkin bo‘lgan do‘konlar), bozor, shuningdek, kommunal xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirish yoki chiptalarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash orqali sotib olish mumkin bo‘ladi.
“Bo‘lib to‘lash O‘zbekistonda yangi tendensiya. Qo‘shni Qozog‘istonda esa bu shu qadar mashhurki, hatto oziq-ovqat mahsulotlari ham bo‘lib-bo‘lib sotiladi. Bu to‘lov turi isteʼmolchilarga tovarlarni qulay shartlarda xarid qilish, tovar va xizmatlar yetkazib beruvchilarga esa ko‘proq savdo qilish imkonini beradi va shu bilan o‘rtacha hisob 30%ga oshadi”, — deydi Alshanbayev.
Kompaniyada 80%ga yaqin kreditni ma’qullash darajasi yuqori, ya’ni har 10 mijozdan 8 nafariga bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatiga rozilik beriladi. Raqobatchilarda bu daraja 40%dan past. Shu bilan birga, shunga o‘xshash platformalar orasida “Zoodmall” muammoli kreditlarning eng kam hajmiga ega. Bu — 3%dan kam. Skoring bir nechta vositalar yordamida amalga oshiriladi: platformadagi iste’molchilarning harakatlarini tahlil qilish, kattaroq kreditlarni bosqichma-bosqich berish, shu bilan iste’molchi uchun kredit tarixi, CRIF va karta kvitansiyalari tarixi yaratiladi.
“Har bir amalga oshirilgan savdo uchun biz mahalliy sotuvchilardan buyurtma qiymatining 2−10%ini ushlab qolamiz. Biz sotuvchilarga mahsulot tarkibini yaratishdan tortib omborgacha yetkazib berishgacha bo‘lgan bir qator xizmatlarni taqdim etamiz. Ko‘pincha mijoz yuk tashish uchun to‘laydi, lekin ba’zi sotuvchilar ko‘proq tovarlarni sotish uchun logistika xarajatlarini subsidiyalashtiradi. Endi biz yangi aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqdamiz: yaqin kelajakda bozorda Rossiya, Koreya va Turkiyadan tovarlar sotib olish mumkin bo‘ladi”, — dedi Asqarbek Alshanbayev.
Logistika “Zoodship” tomonidan amalga oshiriladi, bu bozorda mavjud kuryerlik xizmatlari resurslarini boshqarishga yordam beradi. U yetkazib berish yo‘nalishlarini quradi, shuningdek, ma’lum bir sherikning yetkazib berish sifatiga qarab, logistika zanjirlari quriladi.
“Ko‘pchilik mijozlarimiz uygacha yetkazib berishga buyurtma berishni afzal ko‘rishadi. Narxi esa tovarning og‘irligiga qarab o‘zgaradi (Toshkentda 12−15 ming so‘mdan boshlanadi). Buyurtmalarning 70−80%ida tovarlar buyurtmadan keyingi kunga yetkaziladi. Shuningdek, biz pochta bo‘limlari tarmog‘ini ishga tushirmoqdamiz. Kelgusi yil oxiriga qadar respublika bo‘ylab ularning soni mingga yaqin bo‘ladi. Bozorda takroriy xaridlarni amalga oshiradigan mijozlarning aksariyati jo‘natma terminallaridan foydalanadilar. Pochta bo‘limlarining katta afzalligi — bepul yetkazib berish, uydan piyoda masofa, shuningdek, qulay ish soatlari — soat 22:00 gacha yoki kecha-yu kunduz”, — deya ta’kidladi Asqarbek Alshanbayev.
Elektron tijorat assotsiatsiyasi raisining fikricha, mamlakatda bir emas, bir nechta ekotizimlar bo‘lsa yaxshi bo‘ladi:
“Qaysi biri yaxshiroq va qulayroq ekanligini iste’molchining o‘zi belgilaydi. Bundan tashqari, bir xil iste’molchi sharoitga qarab bir vaqtning o‘zida bir nechta ekotizimlardan foydalanishi mumkin. Ukraina misolini ko‘rib chiqaylik, u yerda ikki turdagi bozorlar mavjud: prom.ua va rozetka. Rozetka mahsulot mavjudligi, sifat kafolati va boshqalarni ta’minlaydi. Prom.ua siz arzonroq narxda sotib olishingiz mumkin bo‘lgan ko‘plab sotuvchilarni taklif qiladi, ammo xizmat sotuvchiga bog‘liq. Bunday holda, hamma narsa — qayerda va qanday sharoitlarda xarid qilish qulayroq ekanligi iste’molchi tomonidan hal qilinadi. Tanlov qancha ko‘p bo‘lsa, iste’molchiga shunchalik yaxshi”, — deydi Muzaffar A’zamov.
Elektron tijorat rivojlanishiga nima to‘sqinlik qiladi
Elektron tijoratdagi asosiy to‘siqlar: offlayn rejimda xarid qilishning xulq-atvor odatlari, elektron xizmatlar va do‘konlarga ishonchsizlik, kulrang import, zaif logistika infratuzilmasi.
“Elektron tijorat bozorida asosiy to‘siq bu vaqt o‘tishi bilan odamlarda tovarlarni o‘z vaqtida yetkazib beradigan, har qanday muammo yuzaga kelganda ushbu mahsulotning qaytarilishini kafolatlaydigan, yangi xizmatlar qo‘shib boradigan internet xizmatlariga nisbatan ishonch paydo bo‘lganda o‘zgarib turadigan isteʼmol modeli hisoblanadi”, — deydi “Uzum” boshqaruvchi direktori.
Uning fikricha, internet va yomon smartfon har qanday IT-xizmatlarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Boshqa tomondan, O‘zbekistonda ketma-ket to‘rtinchi yil smartfonlar soni ortib bormoqda, bu smartfonlar ilovalarni yuklab olish imkonini bermaydigan eskirgan modellarining o‘rnini egallamoqda.
Bundan tashqari, aloqa operatorlari infratuzilmani rivojlantirishga qanday sarmoya kiritayotgani va shu orqali foydalanuvchilarga yaxshi internetdan foydalanish imkoniyatini ta’minlayotgani sezilib turibdi.
“Nazorat qilish nuqtai nazaridan, davlat bozor ishtirokchilari bilan muloqotni davom ettirayotgani juda yaxshi. Hukumat qarori ishlab chiqildi, unga ko‘ra banklar yuridik shaxslarga onlayn savdo qilish uchun masofadan turib hisob raqamlarini ochishlari mumkin. Uning yordamida ko‘plab savdogarlar marketpleysda savdo qilishlari mumkin. Shunga ko‘ra, assortiment kengayadi va iste’molchilarda ko‘proq tanlov bo‘ladi”, — dedi Roman Lavrentyev.
Asqarbek Alshanbayev kulrang importni asosiy to‘siq deb hisoblaydi, chunki bu bozorda teng bo‘lmagan o‘yin sharoitlarini, rivojlanmagan logistika infratuzilmasini va yetkazib berish narxining yuqoriligini keltirib chiqaradi. Ammo O‘zbekistonda logistika sohasini liberallashtirish allaqachon boshlangan. Agar ilgari bozorda monopolistlar bo‘lgan bo‘lsa, hozir bozor ochilmoqda va xususiy kompaniyalar ham sarmoya kiritishlari mumkin.
“Tadbirkorlik ko‘nikmalari ham elektron tijoratning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Tadbirkorlar hali ham onlayn sotish, onlayn reklama qilish kabi bilimlarga ega emas. Shunga ko‘ra, barcha bozor ishtirokchilari bu bilan shug‘ullanishlari kerak. Xaridorlarda ham bilim yetishmaydi: odamlar hali ham bozorga borib, offlayn rejimda xarid qilishni afzal ko‘rishadi”, — deydi “Zoodmall” vakili.
Elektron tijorat uyushmasi raisining so‘zlariga ko‘ra, asosiy to‘siqlardan biri bu eskirgan qonunosti hujjatlari:
“Bizning rasmiylarimiz hali yuzaga kelmagan vaziyatni oldindan ko‘rishga harakat qilmoqda. Tadbirkorlarga erkinlik berilishi kerak. Shu yilning iyul oyidan Qirg‘izistonda elektron tijorat uchun soliq joriy qilindi. Unga ko‘ra, agar korxona elektron tijorat bilan shug‘ullansa, barcha to‘lov operatsiyalari o‘tadigan maxsus bank hisob raqamini ochishi shart. Va xuddi shu hisobdan tadbirkorlar elektron tijorat uchun soliq to‘laydilar, bu daromadning 2%ini tashkil qiladi. Qirg‘izistonda bu soliq QQS, daromad solig‘i va savdo solig‘ining o‘rnini bosadi. Mening taklifim — QQS va daromad solig‘i o‘rniga elektron tijorat solig‘ini joriy etish orqali Qirg‘iziston tajribasini O‘zbekiston sharoitida qo‘llash. Bu orqali tadbirkor sifatida ishlash osonlashadi. Aksariyat kompaniyalarimiz soyada qolayotgan ekan, jadal rivojlanish haqida gapirish o‘rinli emas”, — deya xulosa qildi Muzaffar A’zamov.