“McDonald's” tez ovqatlanish tarmog‘i 2023-yilda korporativ xodimlarining bir qismini qisqartirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi “CNN” nashri kompaniya bosh direktori Kris Kempchinskining ishchilarga yo‘llagan maktubiga tayanib.
Unga ko‘ra, menejment kompaniya bo‘linmalari bo‘ylab odamlarning roli va xodimlar darajasini baholaydi, ba’zi tashabbuslar endi ustuvor deb hisoblanmaydi va ular ustida ishlash to‘xtatiladi.
Kempchinski bu global xarajatlarni kamaytirishga va biznesni rivojlantirishga sarmoya kiritish uchun resurslarni bo‘shatishga yordam beradi deya umid qilmoqda.
“McDonald's” rahbariyati qisqartirishlar orqali pulni tejashga umid qilmoqda, ammo qancha odam qisqartirilishi bo‘yicha aniq rejalar yo‘q, dedi Kempchinski “The Wall Street Journal"ga bergan intervyusida.
Top-menejerning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya aprel oyining boshigacha qisqartirishni boshlash niyatida.
“McDonald's"ning korporativ lavozimlarda va kompaniyaga qarashli restoranlarda 200 mingga yaqin odam ishlaydi, ularning to‘rtdan uch qismi AQShdan tashqarida faoliyat yuritadi, deb yozadi “WSJ”.
"McDonald's" 2022-yil mart oyi boshida Ukrainadagi urush tufayli Rossiyadagi restoranlarini vaqtincha yopgandi.
Keyinchalik may oyida kompaniya mamlakatdagi aktivlarini tarmoqning yirik franchayzi rossiyalik tadbirkor Aleksandr Govorga sotishga rozi bo‘ldi.
Yanvar oyi boshida “McDonald's"ning Qozog‘istondagi franchayzeri “Food Solutions KZ” mamlakatdagi restoranlar Amerika brendi ostida faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qildi. Xabarda aytilishicha, bunday qaror ta’minot cheklovlari tufayli qabul qilingan.
“Bloomberg"ning yozishicha, bosh ofis “Food Solutions KZ” kompaniyasiga Rossiyada qiyma sotib olishni taqiqlagan, franchayzi esa qimmatligi tufayli mahalliy yoki Yevropa ishlab chiqaruvchilaridan go‘sht yetkazib berishni tashkil eta olmagan.