O‘zbekistonda sayyohlar ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini onlayn tarzda baholash imkoniyatiga ega bo‘ldi, deya xabar bermoqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.
Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish markazi veb-saytida maxsus so‘rovnoma yaratildi. U sayyohlarning joylarda xizmat ko‘rsatish va texnik xizmat ko’rsatish sifatidan qoniqish darajasini aniqlash uchun mo‘ljallangan.
So‘rovnoma orqali dam oluvchilar umumiy ovqatlanish, ziyoratgohlar, ta’lim muassasalari, ko‘ngilochar maskanlar, yashash joyidagi xizmatlar sifati, transport va sog‘liqni saqlash muassasalaridagi xizmat yuzasidan shikoyat qilishlari mumkin.
Bundan tashqari, sayyohlar o‘z shikoyat va takliflariga dalil sifatida surat va videolarni yuklashlari mumkin bo‘ladi.
Avvalroq O‘zbekistonning beshta aeroportida “Tax Free” tizimi joriy etilgani haqida xabar berilgandi. Mazkur tizim xorijiy fuqarolarga mamlakatda chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan ayrim turdagi tovarlarni xarid qilishda to‘langan QQS summalarini qaytarishni nazarda tutadi.
“Tax Free” xizmatidan foydalanish uchun sotib olingan tovarlarning umumiy summasi 1 mln so‘mdan yuqori bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, mahsulot ochilmagan va ishlatilmagan bo‘lishi kerak.
Soliq qo‘mitasi xodimlari tovarlarning barcha mezonlarga muvofiqligini tekshirgandan so‘ng, “keshbek"ni rasmiylashtiradilar. Turli toifadagi tovarlar uchun yo‘lovchiga QQS summasining 90%igacha “keshbek” qaytarilishi mumkin.
Keshbek yo‘lovchining kartasiga rasmiylashtiriladi va ro‘yxatdan o‘tgan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin to‘lab beriladi.
Avvalroq “Spot” 2022-yilda turizm sohasidagi asosiy tendensiyalar haqida yozgandi.