Xitoyning “Exeed” avtomobil brendi O‘zbekiston bozoriga kirishini rasman e’lon qildi. (“Spot"da mavjud)
Qayd etilishicha, “Asaka Motors International” kompaniyasi mamlakatda “Exeed” brendini namoyish etadi va mahalliy dilerlik tarmog‘ini rivojlantiradi.
Xitoy brendining birinchi dilerlik markazlari joriy yilning bahorida ochilishi rejalashtirilgan. Ular orasida Toshkentdagi ikkita flagman punktlari, shuningdek, Farg‘ona, Samarqand va Navoiyda ko‘rgazma zallari bor.
“Asaka Motors” bosh direktori Rustam Bekchanovning so‘zlariga ko‘ra, “Exeed” avtomobillarini yangi bozorga yetkazib berish mart oyidan boshlanadi.
Ta’kidlanishicha xaridorlarga VX SUV, TXL va LX krossoverlari taklif etiladi.
“Kelgusida kompaniyalar O‘zbekistonda „Exeed“ ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish va mahalliylashtirishni rejalashtirmoqda. Mazkur chora-tadbirlar O‘zbekiston avtomobil sanoatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi”, — dedi Bekchanov.
Kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirishi va bu yerda avtomobil yig‘ish hamda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari oktabr oyida e’lon qilingandi.
Keyin premium brend o‘z savdo tarmog‘ini bosh kompaniyadan alohida rivojlantirish niyatida ekanligi ma’lum qilindi.
Avvalroq “Spot” Xitoyning “BYD” kompaniyasi fevral oyidan boshlab O‘zbekistonda avtomobillarni rasman sotishni boshlashi haqida yozgandi.