Toshkentda Vengriya kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev tegishli qaror chiqargan.

Bo‘lajak sanoat zonasining aniq joylashuvi va chegaralarini mart oyining oxirigacha belgilash topshirilgan. Xuddi shu sanaga qadar yangi zonani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni boshlash rejalashtirilgan, keyinchalik u xorijiy hamkorlarga taqdim etiladi.

Bundan tashqari, yo‘l xaritasida tibbiy asbob-uskunalar, elektronika va uning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalarni ishga tushirish ham reja qilingan. Uni “Texnopark” negizida tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Yanvar oyi oxirigacha tegishli sohalarda salohiyatga ega vengriya kompaniyalari ro‘yxatini tuzish rejalashtirilgan. Keyin ularning vakillari hamkorlikni rasmiylashtirish maqsadida muzokaralar o‘tkazish uchun O‘zbekistonga ishbilarmonlik tashrifi bilan taklif qilinadi.

Shuningdek, yaqin ikki yilda Vengriya importyorlariga O‘zbekistondan $8,2 mln.lik, jumladan, quritilgan meva va sabzavotlar ($3,1 mln), polietilen granulalar ($3,1 mln), shuningdek, ip-kalava ($1 mln) va toʻqimachilik ($1 mln) mahsulotlarini yetkazib berish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil oktabr oyida Vengriyaga tashrifi chog‘ida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bir qancha shartnomalar imzolangandi.

Investitsiyalar vaziri Jamshid Xoʻjaev Vengriya korxonalari uchun maxsus zona ajratish va ularga imtiyozlar berish rejalari haqida maʼlum qilgandi.


Avvalroq “Spot” Vengriyaning “OTP Bank"i Ipoteka bankni sotib olgani haqida yozgandi.