2022-yilning noyabr oyida Toshkentning 10 ta markaziy ko‘chasida 2251 ta pullik to‘xtash joylari tashkil etilishi hamda chegara rejasiga oid ma’lumotlar taqdim etilgandi.

Yil yakuniga kelib, Toshkent shahar hokimi avtomatlashtirilgan to‘xtash joylarini tashkil etish bo‘yicha qarorni qabul qildi.

Loyiha markaziy ya’ni Glinka, Bratislava, Mirobod, Avliyo ota, Taras Shevchenko, Said Baraka, Moshtabib, Fidokor, Sodiq Azimov va Yakub Kolas ko‘chalarida davlat-xususiy sheriklik asosida tajriba sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi.

Hujjatda keltirilishicha, avtomatlashtirilgan to‘xtash joylari Toshkent shahar transport boshqarmasi hamda “Kasy Park” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat-xususiy sheriklik loyihalari reyestrida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha qiymati 891 mln so‘mni tashkil etadi.

Avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylarini tashkil etish loyihasi quyidagicha belgilangan:

  1. Glinka ko‘chasi — 202 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 6 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 20 ta.
  2. Bratislava ko‘chasi — 84 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 2 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 8 ta.
  3. Mirobod ko‘chasi — 385 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 11 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 35 ta.
  4. Avliyo ota ko‘chasi — 150 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 4 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 15 ta.
  5. Taras Shevchenko ko‘chasi — 348 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 11 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 34 ta.
  6. Said Baraka ko‘chasi — 348 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 11 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 34 ta.
  7. Moshtabib ko‘chasi — 165 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 4 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 16 ta.
  8. Fidokor ko‘chasi — 120 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 6 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 12 ta.
  9. Sodiq Azimov ko‘chasi — 324 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 11 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 32 ta.
  10. Yakub Kolas ko‘chasi — 180 ta avtomobil joyi, parkomatlar soni 6 ta, imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilayotgan joy 18 ta.

Avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylarida parkomat va elektromobillarni quvvatlash uskunalarini o‘rnatish mumkin bo‘ladi. Biroq, yengil turdagi bino-inshootlarini qurish va boshqa turdagi yordamchi qurilmalarni o‘rnatish taqiqlanadi.

parkovka, toshkent

Yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Kasy Park” 2018-yil 10 mln so‘m ustav kapitali bilan tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy faoliyati qurilish materiallari va sanitariya-texnik vositalarning ulgurji savdosi hisoblanadi.


2022-yil boshida davlat rahbari Toshkentning jamoat transporti konsepsiyasini qayta koʻrib chiqish boʻyicha topshiriq bergandi. Fevral oyida qabul qilingan prezident qarori bilan avtomobillarning avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylarini tashkil etish belgilandi.

Mazkur tizim tirbandlikni, avtotransport oqimini kamaytirish maqsadida amalga oshirilib, joriy yilning 1-noyabridan kuchga kirdi.