Rossiya 2022-yilda neft qazib olishni 2%ga oshirib, deyarli 535 mln tonnaga yetkazgan, deya xabar bermoqda “Kommersant” nashri.
“LUKOIL"da esa neft qazib olish 6%ga oshib, 81 mln tonnani tashkil etdi. “Surgutneftgaz” qazib olishni 7%dan koʻproqqa oshirib, 59,6 mln tonnaga yetkazgan. “Gazprom Neft"esa 2022-yilda ishlab chiqarishni deyarli 5%ga oshirib, 59,1 mln tonna neft qazib olgan.
Toʻrtta yirik neft ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan faqat “Rosneft” ishlab chiqarishni qisqartirdi.
Ekspertlar yanvar-fevral oylarida Yevropa Ittifoqi va AQSH tomonidan neft va neft mahsulotlari narxlari boʻyicha yuqori chegara qoʻllanilishi tufayli xomashyo ishlab chiqarish qisqarishini kutmoqda.
Rossiya neft kompaniyalari 2022-yilda Ukrainada harbiy harakatlar boshlangani uchun mamlakatga qarshi joriy etilgan Yevropa Ittifoqi va AQSh sanksiyalariga moslashishga harakat qilishdi.
Ushbu sanksiyalar dengiz eksportida qiyinchiliklarga va o‘tgan yil bahorida ishlab chiqarishning pasayishiga olib keldi, bu esa Rossiyani oqimlarni Osiyoga yoʻnaltirishga majbur qildi.
Yil yakuniga ko‘ra, neft quvurlari va dengiz orqali MDHdan tashqari mamlakatlarga eksport qilish qariyb 19%ga oshib, 207 mln tonnani tashkil etdi.
5-dekabrdan YeI va AQSh Rossiya nefti narxining bir barreliga yuqori chegarani $60 deb joriy qildi.
Rossiya bosh vaziri oʻrinbosari Aleksandr Novakning hisob-kitoblariga koʻra, bu 2023-yilda neft qazib olishning 7−8%ga pasayishiga olib kelishi mumkin.
“TACC” nashri yozishicha, 5-fevraldan kuchga kiradigan Rossiyadan neft mahsulotlari importiga Yevropa embargosi yoqilgʻi narxining oshishiga olib keladi.
“Agar neft mahsulotlarini sotishda muammolar yuzaga kelsa, neftni qayta ishlash ma’lum darajada neft eksportining qo‘shimcha hajmlari bilan almashtirilishi mumkin”, — dedi Aleksandr Novak.
Avvalroq “Spot” OPEK+ neft qazib olishni kuniga 2 mln barrelga kamaytirishga qaror qilgani haqida yozgandi.