Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar Instituti (PMTI) hududlar iqtisodiyotidagi tafovutlarni tahlil qildi.
Tadqiqotda 2016−2021 yillarda hududlar iqtisodiyotidagi tafovutlarning qisqarishi va ularning barqaror holatga yaqinlashishi “Beta” yaqinlashish modeli vositasida tahlil qilindi.
Ushbu neoklassik o‘sish modeliga ko‘ra, agar hududlar bo‘yicha yagona farq ular kapitalining boshlang‘ich darajasida bo‘lsa, kichik hajmdagi kapitalga ega bo‘lgan kambag‘al hududlar yirik kapitalga ega bo‘lgan boy hududlarga qaraganda iqtisodiy jihatdan tezroq o‘sadi. Bu esa hududlar o‘rtasidagi nomutanosiblikning kamayib borishini anglatadi.
Qaysi mamlakatni olib qaramaylik, uning poytaxti (yirik shaharlari) iqtisodiyotining ko‘lami bo‘yicha boshqa hududlardan bir qator ustun jihatlarga ega bo‘ladi. O‘zbekiston iqtisodiyotidagi yetakchi mavqei tufayli Toshkentga ham hududlar o‘rtasidagi nomutanosiblikning asosiy manbai sifatida qarash mumkin.
Shuningdek, uning iqtisodiy salohiyati Toshkent viloyatining iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ham ijobiy ta’sir qiladi. Mamlakat bo‘yicha ishlab chiqarilgan iste’mol tovarlarining 35,7% i, ko‘rsatilgan xizmatlarning 44,9% i hamda YaIMning 27,8% i ularning hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bois ular yaqinlashish modelidan chiqarib tashlansa, hududlar o‘rtasidagi tafovut yaqqolroq namoyon bo‘ladi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, tadqiqotda shartli “Beta” modelining respublikadagi 14 ta hududi uchun (1-model), Toshkent shahrisiz (2-model) hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyati ishtirok etmagan (3-model) variantlari tahlil qilindi.
Shartli “Beta” yaqinlashish modelining uchta varianti ham mamlakatda hududlarning iqtisodiy barqaror holatga yaqinlashayotgani va ular o‘rtasidagi tabaqalashuv qisqarayotganidan dalolat beradi.
Chegaradosh hududlarning muvofiq tarzda rivojlanishi ham iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir qilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, optik tolali aloqa liniyalarini o‘tkazish eng rivojlangan hududlar darajasiga yaqinlashishda yordam beradi. Tahlildan eng rivojlangan hududlarni chiqarib tashlash esa bu omilning ahamiyatini pasaytiradi.
Barcha hududlar bo‘yicha hisoblangan “Halflife” ko‘rsatkichi tafovutni 50%ga kamaytirish uchun 35 yil, Toshkent shahri va Toshkent viloyatini hisobga olmaganda esa 25 yil kerakligini ko‘rsatdi.
Tadqiqot natijasida geografik joylashuvi hamda iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari yaqin bo‘lgan hududlar uchun hududiy siyosat yo‘nalishlarini aniqlash va ular bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish lozim, degan xulosa bildirilgan.
Masalan, “Beta” yaqinlashish modeli Surxondaryo, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari nafaqat geografik jihatdan, balki iqtisodiy o‘sish sur’ati jihatidan ham yaqin hududlar ekanligini ko‘rsatdi.
Xuddi shunday, geografik jihatdan yaqin joylashgan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari YaHMning aholi jon boshiga ulushi jihatidan, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlari iqtisodiy o‘sish sur’ati bo‘yicha o‘xshash hududlar bo‘lib, ular uchun rivojlanishning umumiy yo‘nalishlarini belgilash maqsadga muvofiq.
Avvalroq, PMTI ekspertlari O‘zbekiston hududlarining yashash uchun qulaylik reytingini tuzgandi.