Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoatni rivojlantirish hamda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

“Spot” unda belgilangan muhim topshiriq va vazifalarni bir joyga jamladi.


100 ta mikro-GES qurish bo‘yicha loyihalar boshlanadi

Hudud va tarmoqlarning ishlatilmagan imkoniyatlari kattaligi ta’kidlandi. Misol uchun, Xorazm hududiy sanoat hajmini 8,7 trln so‘m reja qilgan bo‘lsa-da, mahalliylashtirishni kengaytirish hisobiga buni 10 trln so‘mga yetkazishga qo‘shimcha imkoniyatlar mavjud.

Farg‘onada past quvvatda ishlayotgan 22 ta korxonani aylanma mablag‘lar bilan ta’minlab, qo‘shimcha 1,1 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkoni bor.

Qashqadaryoda esa 8 ta yirik loyihaga infratuzilma masalasi hal qilinsa, 800 mlrd so‘mlik qo‘shimcha zaxira yaratiladi.

Shuningdek, Namanganda to‘liq quvvatda ishlayotgan va qo‘shimcha bozori bor 51 ta korxonani kengaytirib, qo‘shimcha 290 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi.

2023-yilda 100 ta mikro-GES qurish bo‘yicha loyihalar boshlanadi. Bu loyihalar uchun $10 mln.lik uskuna zarur bo‘lib, ularni mahalliy korxonalarda bemalol ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.


Banklarda korxonalarga kredit ajratish uchun qo‘shimcha 55 trln so‘m resurslar ajratiladi

Sanoat o‘sishi uchun yangi imkoniyatlar va qo‘shimcha moliyaviy resurslar beriladi.

Bank normativlari qayta ko‘rib chiqilib, tijorat banklarida korxonalarga kredit ajratish uchun qo‘shimcha 55 trln so‘m resurslar ta’minlanadi. Bu esa o‘rtacha bitta tumanda $20 mln.lik investitsiyaga qo‘shimcha resurs, deya ta’kidlandi.

Tijorat banklari bilan birga hokimlarni bu pullarni ishlatishga o‘rgatishi kerak. Ko‘p tuman hokimlari tayyor mablag‘ni ishlatishni hali bilmasligi qayd etildi.

Shu sabab har bir tuman bo‘yicha qo‘shimcha loyihalar va ularning “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish, avval ishga tushgan 807 ta loyiha hamda past quvvatda ishlayotgan 271 ta korxonani aylanma mablag‘ bilan ta’minlashga topshiriq berildi.


Sanoat zonalari va investitsiya loyihalari infratuzilmasiga 1,7 trln so‘m yo‘naltiriladi

2023-yilda sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari infratuzilmasi uchun 1,7 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, “G‘ijduvon” va “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonalari hududi kengaytiriladi. Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryoda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining filiallari tashkil etiladi.

Mutasaddilarga 1-iyulga qadar sanoat zonalariga ajratilgan mablag‘lar hisobiga infratuzilma masalasini hal etish vazifasi berildi.

Shuningdek, yil yakuniga qadar sanoat zonalarida 1 ming 264 ta loyihani ishga tushirib, qo‘shimcha 3 trln so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarishni ta’minlash topshirildi.


60 ta tumandagi sanoat loyihalariga investitsiya jalb qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi

2023-yildan boshlab iqtisodiy rivojlanishi orqada bo‘lgan 4 va 5-toifadagi 60 ta tumanga 27 ta turdagi soliq imtiyozi, subsidiya va preferensiyalar berildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga hokimlar o‘rinbosarlari bilan birga bir oy muddatda 60 ta tumandagi sanoat loyihalariga investitsiya jalb qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni tasdiqlab, ijrosini boshlash topshirildi.

Yil yakuniga qadar har bir tuman bo‘yicha kamida 5 tadan sanoat loyihasini ishga tushirib, ular toifasini yaxshilash vazifasi berildi.


To‘qimachilik loyihalariga qo‘shimcha $300 mln yo‘naltiriladi

Gilamchilik, uy tekstili, charm va zargarlik sanoatida yangi imkoniyatlar yaratiladi. Bu bo‘yicha prezident tomonidan qaror imzolandi.

Unga ko‘ra, 2023-yilda to‘qimachilik loyihalariga qo‘shimcha $300 mln yo‘naltiriladi. Shuningdek, charm-poyabzal sanoatida 200 dan ortiq turdagi import xom-ashyo bo‘yicha bojxona imtiyozlari uch yilga uzaytiriladi.

Zargar tadbirkorlarga xom-ashyoni chegirma bilan sotib olish imkoniyati hamda soliq, bojxona va bank imtiyozlari berilmoqda.

Bu orqali tarmoqlarda $2,6 mlrd loyihalarni amalga oshirib, qo‘shimcha 4,5 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi.


Sanoatni 14%ga oshirish vazifasi qo‘yildi

Yig‘ilishda bir oy muddatda 2023-yilda sanoatni 14%ga oshirish bo‘yicha sanoat va investitsiya dasturlarini qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.

Xususan, Samarqandda mineral o‘g‘it, Navoiyda quruq sianid tuzi va texnik gaz ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirish hamda 1-iyunga qadar Pistali konida 6-gidrometallurgiya zavodini ishga tushirish topshirildi.

Avgust oyida “Yoshlik-1” mis koni negizida 3-misni boyitish fabrikasi loyihasini yakunlashni ta’minlash belgilandi.

Avtomobilsozlik tarmog‘ida o‘sishni ta’minlash uchun 1-sentabrga qadar xususiy investorlarni jalb qilib, Jizzaxda elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda Andijonda quyuv sexini, Chirchiqda qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasterini to‘liq quvvatga chiqarish topshirildi.


$6 mlrdlik mahalliylashtirish loyihalari amalga oshiriladi

Investitsiya, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov oldiga tarmoqlar bilan tizimli ishlash, sanoat kooperatsiyasini kengaytirib, $6 mlrd.lik mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish, ishga tushadigan 304 ta strategik va yirik loyihalar ustidan haftalik onlayn monitoringni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev tumanlarga borib, hududiy investitsiya dasturlariga kirgan 3 mingga yaqin loyihalarni vaqtida ishga tushirishga javob berishi, mavjud muammolarni joyida tezkor hal etilishini ta’minlash, har bir tuman va shaharda kamida $50 mln qo‘shimcha investitsiya jalb qilish uchun mas’ul bo‘lishi ta’kidlandi.