“IT Park” yagona aloqa markazini ishga tushirdi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.
1345 qisqa raqami orqali murojaatchilarga maslahat va ma’lumotlar beriladi.
Xususan, rezidentlik dasturi, “IT Park"dan ta’lim olish imkoniyatlari hamda startap loyihalar uchun inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari haqida aloqa markazi orqali batafsil bilib olish mumkin.
Yagona qo‘llab-quvvatlash liniyasining ochilishi ofislar yukini kamaytiradi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshiradi, deyiladi xabarda. Shuningdek, har bir ariza ko‘rib chiqilishi kafolatlangan.
O‘tgan yili “IT Park” rezidentlarining eksporti 3,5 barobar, ichki bozorda ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi esa 2,5 barobar oshdi.
Texnopark rezidentlarining umumiy soni yil yakuniga ko‘ra 1037 ta firmani tashkil etib, (hozirda 1122) ulardan 306 tasi IT-xizmatlarini eksport qilish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, dekabr oyida 40 dan ortiq firma qo‘shimcha ro‘yxatga olindi. Biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) sohasida 140 ga yaqin kompaniya faoliyat yuritadi hamda 164 nafar rezident dasturchi, 191 ta firma ta’lim sohasida ish olib boradi.
Bundan tashqari, 35 ta kompaniya o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi uchun “IT Park” rezidenti maqomidan mahrum qilindi.