Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari dekabr oyida Toshkent shahrida xonadonlar uchun taklif etilayotgan ijara narxlaridagi o‘zgarishlarni tahlil qildi.
Unga ko‘ra, natijalar xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxi noyabr oyidagiga nisbatan oshgani, lekin oshish sur’ati sekinlashganini ko‘rsatdi.
Xususan, noyabrda narxlar oktabr oyidagiga qaraganda 4,4%ga tushgan, ammo dekabr oyida 3,5%ga oshgan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi noyabr oyida poytaxtda ijara narxlarining pasayishi qayd etilgani, oktabr oyiga nisbatan Toshkentda ijaraga beriladigan uy-joy narxi 5,8%ga kamayganini ma’lum qilgandi.
Narxlar Shayxontohur (10,6%), Mirobod (3,5%), Yunusobod (3,3%), tumanlarida oshgan. Boshqa tumanlarda esa pasayish kuzatilgan.
“Oybek”, “Toshkent”, “Minor”, “Buyuk ipak yo‘li” metro bekatlari atrofida va Nukus ko‘chasi bo‘ylab joylashgan, yaxshi ta’mirlangan xonadonlar uchun $1000dan yuqori ijara narxlari taklif qilinmoqda.
Chilonzor va Yunusobod tumanlarida ijara narxlari nisbatan pastroq, aniqrog‘i ta’mirlangan xonadonlar uchun asosan $400−600 atrofida ijara narxlari taklif etilmoqda.
O‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar taklifi nisbatan kamroq bo‘lib, ular asosan Chilonzor va Yunusobod tumanlarida, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek shoh ko‘chasi bo‘ylab taklif etilmoqda. Bu yerdagi xonadonlarning ijara narxi asosan $300−800ni tashkil etadi.
Ta’kidlanishicha, ijaraga beriladigan qimmat segmentdagi xonadonlar odatda vaqtinchalik ishlash maqsadida kelayotgan chet el fuqarolariga taklif etilayapti va ular qulay infratuzilmaga ega, transport qatnovi yaxshi va oziq-ovqat do‘konlari yaqin bo‘lgan hududlarda joylashgan.