Energetika vazirligi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati qisqa muddatga vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, anomal sovuq ob havo kuzatilayotgani sabab tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.

“Shu maqsadda, ayrim yirik ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytirildi hamda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati qisqa muddatga vaqtincha to‘xtatildi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, ortadigan talabni to‘liq qondirish maqsadida avtobenzin va dizel yoqilg‘isi mahsulotlari qo‘shimcha miqdorlarda, shu jumladan zaxiralar hisobidan sotuvga chiqariladi.

“Hurmatli fuqarolar, havo harorati keskin sovigan shu kunlarda imkon qadar jamoat transportlaridan foydalanishingizni, zarurat bo‘lmaganda uyda qolishingizni hamda xonadoningizda elektr energiyasi va tabiiy gazdan tejamkorlik bilan foydalanishingizni iltimos qilamiz” — deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq o‘tgan yil dekabr oyida Toshkentda barcha avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari vaqtincha yopilgandi.

Shuningdek, Farg‘onadagi gaz quyish shoxobchalari faoliyatida vaqtinchalik cheklov o‘rnatilgandi.


“Spot” avvalroq O‘zbekiston Turkmanistondan gaz importini 1,5 mlrd kub metrga oshirishi haqida yozgandi.