Shavkat Mirziyoyev “Global Janub” ovozi sammitida nutq so‘zladi. Davlat rahbari xalqaro vaziyatda kuzatilayotgean dolzarb tendensiyalarga baho berib, rivojlanayotgan mamlakatlar oldida turgan asosiy vazifalar borasida fikr bildirdi.
Koronavirus pandemiyasi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi masalalari hamda ekologik muammolar global taraqqiyotning istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
“Biz o‘z oldimizga yaqin kelajakda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, mamlakatda kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish kabi katta rejani qo‘yganmiz”, — dedi davlat rahbari.
Shuningdek, rivojlanayotgan davlatlarning energetika va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, global logistika va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, investitsiya va eng zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda ko‘maklashish masalalari jahon sammiti kun tartibidan o‘rin olishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
“Shimol-Janub” xalqaro yo‘lagi doirasida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirishga qaratilgan, Afg‘oniston orqali Hind okeaniga chiqadigan temir yo‘lni qurish loyihasini amalga oshirishda hamkorlarni ishtirok etishga chaqirdi.
Yetakchi davlatlar ko‘magida “Global Janub” uchun “yashil” texnologiya va innovatsiyalar axborot bankini yaratish taklif qilindi.
“Iqtidorli yoshlarimizni iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, muqobil energetika, raqamlashtirish va boshqa ustuvor sohalardagi milliy va xalqaro dasturlarni ishlab chiqishga keng jalb etishimiz kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shundan kelib chiqib, “Janub yoshlari ovozi” doimiy muloqot platformasini tashkil etish tashabbusi bildirildi.
Prezident kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha o‘tkazilgan ikkinchi Butunjahon konferensiyasida Toshkentda YUNЕSKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusini bildirgandi.
Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisida esa xorijiy investorlar bilan ishlashni tashkil etishning tartibini belgilab bergandi.
Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida asosiy diqqatni hozirgi tahlikali vaziyatda eng dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlar umumiy yondashuvlarni belgilab olishi hamda sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirish muhimligini ta’kidladi.