Davlat soliq qo‘mitasi 1-yanvar holatiga O‘zbekistondagi yakka tartibdagi tadbirkorlar statistikasini taqdim etdi.
Unga ko‘ra, ularning soni 2022-yilning 12 oyi davomida 238 188taga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 9,4%ga (20,5 mingta) oshgan.
Sohalar bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichi hunarmandchilik (19,3%), chakana savdo (9,2%), maishiy xizmat ko‘rsatish (8,3%) hamda boshqa faoliyat turlarida (7%) kuzatilgan.
Hududlar kesimida yakka tartibdagi tadbirkorlarning eng ko‘p qismi Toshkentda — 29 152, Samarqandda — 28 618 hamda Farg‘onada 24 272 tani tashkil etgan. Jami tadbirkorlarning 41,6%i ya’ni 99 307 tasi ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mamlakatda tadbirkorlik faoliyati uchun yengilliklar joriy qilinmoqda. Xususan, 2023-yildan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4%dan 25%gacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4%li soliq stavkasi qo‘llaniladi.
Bunda, olis hududlardagi va alohida toifadagi tadbirkorlar uchun amaldagi 1 va 2%li stavkalar saqlab qolinadi. Yoki, ular ixtiyoriy ravishda yiliga 20−30 mln so‘m to‘lasa, buxgalteriya hisobini yuritish va soliq idoralariga taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi.
Ikkinchi toifa, ya’ni aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshib, umumiy soliq to‘lash tartibiga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘ini 2 barobar kam to‘laydi.
Davlat rahbari tadbirkorlar bilan uchrashuvida ularning 2 trln so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechish hamda kichik biznes loyihalariga 20 trln so‘m yo‘naltirish haqida ta’kidlagandi.
Shuningdek, 2023-yilgi soliq qonunchiligida ham yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ayrim o‘zgarishlar joriy qilinishi belgilangan.