Britaniyaning “Bradt Travel Guides” sayyohlik nashri Qoraqalpog‘istonni “Alohida sayohatlar-2023” ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi xabar bermoqda.
“Toshkentga haftasiga uchta reys amalga oshiriladigan Mo‘ynoqdagi yangi aeroport va Nukusga tezyurar poyezd qatnovi bu olis va maftunkor hududga har qachongidan ham oson yetib borishini anglatadi”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, maqolada Qoraqalpog‘istonga “Orol dengizining vatani” deya ta’rif berilgan.
Nashrning qayd etishicha, 2020-yildan buyon Qoraqalpog‘iston hududida ikkita milliy bog‘ faoliyat yuritadi, yozda esa Markaziy Osiyodagi yirik “Stihia” elektron musiqa festivali o‘tkaziladi.
Shuningdek, Britaniya jurnali “Savitskiy” nomidagi davlat san’at muzeyini ham alohida ta’kidladi.
Muzey kolleksiyasida 90 mingdan ortiq eksponatlar, jumladan, rus avangardlari kolleksiyasi, Oʻzbekiston rassomlarining rasmlari, Qoraqalpogʻiston va Qadimgi Xorazm amaliy sanʼati buyumlari mavjud.
2022-yilning fevral oyida prezident Toshkentdan Moʻynoqqa aviaparvozlarni tashkil etishni taklif qilgandi.
12-sentabrdan boshlab “Uzbekistan Airways” Nukus-Moʻynoq-Nukus yo‘nalishidagi qatnovlarni yoʻlga qoʻydi.
Shuningdek prezident noyabr oyida Nukusgacha bo‘lgan temir yo‘lni ham elektrlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Buning natijasida Toshkent bilan Nukus o‘rtasidagi qatnov vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.
Avvalro “Spot” 2022-yilda O‘zbekistonda turizm sohasidagi asosiy tendensiyalar haqida yozgandi.