2022-yilda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $1 mlrd.dan oshdi. Bu haqda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vaziri Daniyar Amangeldiyev o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda ta’kidlangan.
Xususan, oxirgi 5 yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 6 barobarga o‘sib, 2016-yildagi $167,5 mln.dan 2021-yilda $953,6 mln.ga ortgan.
Tomonlar 2023-yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama tadbirlarni, O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ishlab chiqilayotgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdi.
Shuningdek, imzolangan hujjatlarga muvofiq Qirg‘izistondagi Qambarota-1 GES va Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirishga kelishildi.
Bundan tashqari, Qirg‘izistonda avtomobil va tijorat avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil etish, Jalolobodda yigiruv korxonasini ishga tushirish, “ASKUE” elektr energiyasini hisobga olish tizimini joriy etish va ishlab chiqarish, kalsiy karbidini ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar muhokama qilindi.
Avvalroq, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika vazirlari Qambarota-1 GESini birgalikda qurish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagandi.
Shuningdek, Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara nazoratini yengillashtirishga kelishib oldi. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aybek Ortiqboyevga ko‘ra, ikki mamlakat fuqarolari ID-kartasini ko‘rsatish orqali chegaradan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yoʻl liniyasini qurish boʻyicha loyiha 2022-yilning sentabr oyida tasdiqlanishi ma’lum qilingandi. 2023-yilning birinchi yarimida Qirg‘iziston hududidagi temir yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari Aqilbek Japarov uchta mamlakatni bog‘lovchi mazkur temir yo‘l qurilishi qiymatini $5 mlrd.gacha baholagandi.