Qirg‘iziston parlamenti xorijiy investorlar uchun viza tartibini soddalashtirishni ma’qulladi. Bu haqda respublika Jokorgu Keneshi matbuot xizmati xabar bermoqda.
11-yanvar kuni deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilingan “Tashqi migratsiya to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar xorijiy fuqarolar uchun mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritish uchun maxsus vizalar joriy etishni nazarda tutadi. Bungacha Qirg‘iziston vizasining maksimal amal qilish muddati bir yil edi.
Qonun qabul qilinishi bilan mamlakat iqtisodiyotiga kamida 10 mln qirg‘iz so‘mi miqdorida (joriy kurs bo‘yicha $116,7 ming) sarmoya kiritgan xorijlik 5 yil muddatga, 20 mln qirg‘iz so‘mi ($233,4 ming) sarmoya bilan 10 yil muddatga viza oladi.
Bungacha Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotga kamida 10 mln qirg‘iz so‘mi miqdorida sarmoya kiritgan xorijliklar uchun yashash uchun ruxsatnoma olishning soddalashtirilgan tartibini joriy qilgandi.
Mazkur ruxsatnoma orqali investorlar kamida 6 oylik majburiy yashash muddatisiz rezidentlik uchun ariza topshirishlari mumkin edi.
Bundan tashqari, 2022-yil sentabr oyidan boshlab Rossiya va YeOII mamlakatlari, shuningdek, Ozarbayjon va Moldova IT-mutaxassislari Qirg‘izistonda bepul raqamli ko‘chmanchi maqomiga ega bo‘lish uchun ariza topshirishlari mumkin.
Bu orqali ularga mamlakatda yashash, ishga joylashish va mahalliy banklarda hisob raqamlarini ochish imkoniyati beriladi.
O‘zbekistonda 2019-yildan boshlab iqtisodiyotga BHMning 8500 baravari (hozirda 2,55 mlrd so‘m yoki $225,2 ming) miqdorida investitsiya kiritilganda 3 yillik investitsiya vizasini, $3 mln sarmoya kiritganganda esa 10 yil davomida yashash uchun ruxsatnoma olish mumkin.
O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda investitsiya loyihalariga kamida $1 mln sarmoya kiritgan chet davlat fuqarosi bo‘lgan yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lishi mumkin.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga olishning tartibi soddalashtirilayotgani haqida yozgandi.