Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Singapur kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Xususan, “CPG Corporation” bosh direktori Vinsent Lo bilan muzokaralarda O‘zbekistonda biofarmatsevtika korxonasini tashkil etish, ko‘p tarmoqli klinika qurish, Singapurning ta’lim usullaridan foydalanib xususiy maktablar ochish muhokama qilindi.

“Oceanus Group” kompaniyasi bosh direktori Piter Ko bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekistondan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni yetkazib berishni tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Singapur, Xitoy va “ASEAN” mintaqasi bozorlariga mahalliy oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib chiqishga xizmat qiladigan qo‘shma eksport kompaniyasi tashkil qilinishi mumkin.

“TMC” Akademiyasi bosh direktori Li Chin Veng bilan olib borilgan muzokaralarda O‘zbekistonda ikkita yangi universitet kampusini tashkil etish hamda mamlakat hududlarida ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish muhokama qilindi.

Shuningdek, axborot, moliyaviy, blokcheyn texnologiyalari va kiberxavfsizlik kabi yo‘nalishlarni qamrab oluvchi yangi ta’lim dasturlarini O‘zbekistonda joriy qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

“Virtus Health Singapore” kompaniyasi bosh direktori Timati Kvan davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent, Samarqand va Farg‘onada ayollar reproduktiv salomatligi markazlarini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.

Nanyang politexnika universiteti bosh direktori Genri Xan bilan o‘tgan uchrashuvda tomonlar sog‘liqni saqlash sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi.

2023-yilning 1-martidan “Tibbiyot injiniringi” va “Axborot texnologiyalari” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha yangi kurslarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Li Kuan Yu nomidagi davlat siyosati maktabi direktori o‘rinbosari Naney Yuliati bilan uchrashuvda O‘zbekiston davlat xizmatchilarini tayyorlash va malakasini oshirish sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi.


Avvalroq, O‘zbekiston va Qirg‘iziston sanoat kooperatsiyasini tezlashtirmoqchiligi haqida xabar berilgandi.