Toshkent-Buxoro-Toshkent yo‘nalishidagi “Afrosiyob” elektropoyezdlari qatnovlari 2023-yilning 13,14,15-yanvar kunlari 3 ta reysga bekor qilinadi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi"ning matbuot xizmati xabar berdi.
Bunga sabab kuzatilayotgan anomal sovuq ob-havo bo‘lib, yo‘lovchi poyezdlar harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘lovchilarni manzillariga yetkazishda noqulayliklarning oldini olishga qaratilgan.
Kompaniya yo‘lovchilarning manzillariga yetib olishlari uchun quyidagi muqobil yo‘lovchi poyezdlardan foydalanishlarini tavsiya qilmoqda:
- 12-sonli Toshkent-Buxoro “Sharq”;
- 56-sonli Toshkent-Buxoro-Xiva;
- 58-sonli Toshkent-Buxoro-Shovot;
- 72-sonli Toshkent-Buxoro-Olot;
- 125-sonli Andijon-Toshkent-Buxoro-Xiva.
Xarid qilingan chiptalarni temir yo‘l chiptaxonalarida, elektron tarzda xarid qilingan chiptalarni esa havola orqali qaytarish mumkin. Chipta 100% qiymatda qaytariladi.
Avvalroq, anomal sovuq harorat sababli AGTKSHlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari Toshkentda ham nazorat kuchaytirildi.
Bundan tashqari, talabalar uchun avia hamda temir yo‘l chiptalariga chegirma muddati 18-yanvargacha uzaytirilib, 9-yanvargacha xarid qilingan avia va temir yo‘l chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib beriladi.
Qishki ta’til kunlari uzaytirilishi sabab Toshkent-Termiz-Toshkent va Toshkent-Urganch-Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yildi.