“AZAL” aviakompaniyasi Boku va Urganch o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi “1news.az” nashri aviatashuvchi matbuot xizmatiga tayanib.
Aviakompaniyaning birinchi yo‘lovchi charter reysi 28-yanvarda amalga oshirilishi belgilangan. Muntazam parvozlar haftada bir marta — shanba kuni amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, Urganch Toshkent, Samarqand va Farg‘onadan keyin “AZAL” parvoz qiladigan O‘zbekistondagi to‘rtinchi shahar bo‘ladi.
Parvoz jadvali (mahalliy vaqt bilan):
- Bokudan joʻnab ketish — 21:00, Urganchga kelish — 22:25;
- Urganchdan joʻnab ketish — 23:45, Bokuga kelish — 1:30.
2022-yil oktabr oyida “Azal Airlines” Boku va Samarqandni toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni yo‘lga qo‘ygandi. Parvozlar seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 2018-yilda boshlangan Toshkentga parvozlar dushanba, chorshanba, payshanba, shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
Dekabr oyida mazkur aviakompaniya Bokudan Farg‘onaga birinchi reysni amalga oshirdi. Ushbu yoʻnalishdagi parvozlar haftada bir marta — payshanba kunlari amalga oshiriladi.
Avvalroq “Spot” Polshaning “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.