“Uzbekistan Airports” va “Changi Airports International” o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi, deya xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.
Hujjatda yangi “Toshkent” xalqaro aeroporti loyihasini birga amalga oshirish, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish, axborot texnologiyalarini joriy etish, yo‘lovchilar tashish, tranzit oqimini ko‘paytirish hamda yangi aviakompaniyalarni jalb etish ko‘zda tutilgan.
“Dunyodagi eng yaxshi aeroportlardan biri, eng yirik xalqaro xablardan birini yaratgan kompaniyaning yangi poytaxt aeroporti loyihasiga qiziqishini olqishlaymiz. Toshkent qulay geografik joylashuvga ega ekanligini hisobga olsak, mamlakatimizda huddi shunday konsepsiyalarni amalga oshirish mumkin”, — deya izoh berdi “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Rano Jo‘rayeva.
Birinchi bosqich olti oyni o‘z ichiga oladi hamda bitim doirasida “Changi Airports International” kompaniyasini davlat-xususiy sheriklik loyihasiga xususiy sherik sifatida jalb etish imkoniyati bilan birga loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati $1 mlrd.gacha yetishi kutilmoqda.
“Changi” aeroporti 1981-yilda ochilgan Osiyodagi aviatsiya markazlaridan biri va Singapurdagi yagona xalqaro aeroport hisoblanadi.
2019-yilda Singapurning “Changi” aeroportida 68,3 mln yo‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan va bu aeroportni xalqaro yo‘lovchilar soni bo‘yicha dunyodagi 7-o‘ringa olib chiqqan.
“Uzbekistan Airports"ning qo‘shimcha qilishicha, hujjat faqat ikkita potensial loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini birgalikda ishlab chiqishni nazarda tutadi.
Loyiha mavjud Toshkent xalqaro aeroportini rivojlantirish, uning raqobatbardoshligi va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini ko‘tarish, yo‘lovchilar oqimini oshirish hamda yangi Toshkent xalqaro aeroportini rejalashtirish va qurishdan iborat.
6 oy ichida tomonlar birgalikda ikki loyihaning barcha aspektlarini tahlil qilib, poytaxtga yangi aeroport kerak yoki kerak emasligi, poytaxtga qayday aeroport kerak, agar u yangi aeroport bo‘lsa, uni qayerda qurish ma’qulroq va bunday loyihaning narxi qancha bo‘lishini hisoblab chiqishi lozim.
Aniq, asoslangan ma’lumotlar mavjud bo‘lganda, loyihani amalga oshirish uchun xususiy sherik tanlash jarayoni boshlanadi. Ehtimol, bu “Changi” kompaniyasi, ehtimol boshqa bir kompaniya bo‘ladi, deyiladi xabarda.
Avvalroq, O‘zbekiston xalqaro aeroportlariga kutib oluvchilarning kirishiga ruxsat berilgandi.