Prezident huzurida energiya resurslari ta’minoti yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. “Spot” unda bildirilgan muhim vazifalarni bir joyga jamladi.

Unda qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar hamda yuzaga kelayotgan muammolar tilga olinib, sohalar hamda hudud rahbarlarining “bugungi kungacha qanday ishlaganini yaqqol ko‘rsatib qo‘ygani” ta’kidlandi.

Toshkentning barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga umuman tayyor emasligi tanqid qilindi. Vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etildi.

Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa tumanlari hokimlariga “hayfsan” berildi. “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati raisi Farhod Abduraxmonov lavozimidan ozod etildi.

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari B.Raxmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi, Bosh prokuror o‘rinbosari E.Yuldashev shahar prokurori etib tayinlandi


Strategik korxonalar Strategik islohotlar agentligiga o‘tkaziladi

Bugungi kunda barcha darajadagi rahbarlarning eng katta vazifasi — elektr va gaz tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlab berish. Lekin tegishli sohalar mutasaddilari buni uddalay olmayapti.

Shu munosabat bilan energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev lavozimidan ozod etildi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari Mustafoyev, “Uztransgaz” rahbari Normatov va “O‘zbekneftgaz” rahbari Abdullayev ham lavozimidan ozod etilib, ularga vazifasini bajaruvchi lavozimida 3 oy sinov muddati belgilandi.

Agar tarmoq korxonalarining ayrim moliyaviy masalalari vaqtida yechib berilganda, daromadlarining bir qismi investitsiya qilinib, tarmoqlarni yangilashga yo‘naltirganda vaziyat bunchalik og‘ir bo‘lmas edi, deya ta’kidlandi yig‘ilishda.

Bu masalada ham mas’ullar e’tiborsizlik qilgani tanqid qilindi hamda strategik korxonalar Strategik islohotlar agentligiga o‘tkazilishi belgilandi.


Elektrga 5 mingta, gazga 4,5 mingta noqonuniy ulanish holati

Muammolarda tizimsiz ishlash, energoresurslarni talon-toroj qilish holatlari ham sabab bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi. O‘tgan bir oyda elektrga 5 mingta, gazga 4,5 mingta noqonuniy ulanishlar aniqlangan.

“Elektr va gaz tarmoqlarida talon-torojlik bo‘lganini, tuman hokimlari va sektor rahbarlari, elektr va gaz idoralari boshliqlari bilmasmidi?”, — deya savol qo‘ydi davlat rahbari.

Oxirgi oylarning o‘zida neftegaz va energiya nazorati tizimlarida 192 ta korrupsiya holatlari aniqlangani ham tizim ichidan yemirilganidan dalolat beradi.

DXX va Bosh prokuraturaga tizimdagi korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha alohida choralar ko‘rish topshirildi.


Odamlarga zudlik bilan yordam ko‘rsatadigan tizim yaratiladi

Bosh vazir A.Aripov va energetika vaziri J.Mirzamahmudovga bor imkoniyatlarni ishga solib, mavjud resurslarni adolatli taqsimlab, muammoli mahallalarda odamlarga zudlik bilan yordam ko‘rsatadigan tizim yaratish topshirildi.

Kelgusida bunday vaziyatga yo‘l qo‘ymaslik uchun hozirdan aniq choralarni belgilash, ya’ni qayerda gaz bo‘lmasa, suyultirilgan gaz yoki ko‘mir yetkazishni bugundanoq hal qilish vazifasi qo‘yildi.

Ikki oy muddatda xorijdan malakali mutaxassislarni olib kelib, boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash vazifasi qo‘yildi.

Energiya ta’minotida qayerda uzilish bo‘lgan bo‘lsa, uning sabablarini ko‘rsatib, oqibatlari qancha muddatda bartaraf etilishini odamlarga tushunarli tarzda yetkazish zarurligi qayd etildi.

Bugungi sovuq kunlarda qarzdorlik deb, xonadonlarni elektr va gazdan uzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi.


“Gaz zapravkalari"dagi o‘g‘irliklar bo‘yicha tartib o‘rnatiladi

Shuningdek, hokimlar, sektor rahbarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari uyma-uy yurib, aholidan xabar olishlari kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan yolg‘iz qariyalar, ko‘p farzandli ehtiyojmand oilalarga issiq kiyim, oziq-ovqat tarqatish, eng og‘ir hollarda ularni sharoiti bor joylarga joylashtirish, mahallalarda issiq ovqat tarqatish punktlarini tashkil etish topshirildi.

Har bir dehqon bozorida sharoitlarni yaxshilash va narx-navoni tartibga solish, yirik korxonalar, ijtimoiy obyektlar rahbarlari xodimlarini uyushgan holda ishga olib kelishga avtobus qatnovlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Yong‘inni oldini olish borasida amaliy va tushuntirish ishlarini kuchaytirish, xonadonma-xonadon isitish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlarini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Avtomobilga gaz quyish shoxobchalarida davom etayotgan o‘g‘irliklarga barham berish shartligi ta’kidlandi. Misol uchun, o‘tgan haftada birgina Vobkent tumani va Buxoro shahridagi 3 ta shoxobchada 26 mln kubmetr (26 mlrd so‘mlik) gazdan yashirincha foydalanish holatlari aniqlangan.

Ushbu gaz hajmi bilan 44 ming xonadonni yoki bitta katta tuman aholisini 1 oy gaz bilan ta’minlash mumkin edi. Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Valiyevga shu masalada tartib o‘rnatish topshirildi.

Umuman, Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga bugun lavozimidan ozod etilgan mutasaddilarning faoliyatini o‘rganish va qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda, qat’iy javobgarlikka tortish topshirildi.