Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Singapurning “Indorama Corporation” direktori Prakash Kejrival bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya tomonidan O‘zbekistonda ip-kalava va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari, superfosfat va ammiak ishlab chiqarish zavodlari faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda to‘qimachilik va kimyo sanoatida yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
“Meinhardt group” raisi Shaxzod Nasim bilan muzokaralar chog‘ida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida qo‘shma loyihalarni, shu jumladan infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
Muhokama yakunida, qo‘shma loyiha-injiniring markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuv amalga oshirildi. Markazning asosiy vazifasi shaharsozlik va sanoat sohalaridagi tajribalarni joriy etishga qaratilgan.
Xususan, “Yangi Toshkent” aqlli shahrining birinchi bosqich bosh rejasini ishlab chiqish, hamda kimyo va farmatsevtika sanoat korxonalarini barpo etishni o‘z ichiga oladi. Markaz uchun tajribali kadrlar Singapur korxonasi tomonidan tayyorlanadi.
Avvalroq, O‘zbekistonda Singapurning ikkita universitet kampusi ochilishi, mamlakat xususiy maktab, ko‘p tarmoqli klinika hamda qo‘shma eksport kompaniyalarini tashkil etishga qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, mamlakat bilan aeroportlarni rivojlantirish, jamoat transportini raqamlashtirish, respublikada transport-logistika markazlarini qurish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi.