18-yanvar kuni “Meta” (Facebook) va boshqa kompaniyalardan $3 mlnlik sarmoya jalb etgan “Ami” ruhiy salomatlik boʻyicha startap hammuassisi Beknazar Abdikamalov oʻzbekistonlik yoshlar va startaperlar uchun uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unda Beknazar startap yaratish va rivojlantirish borasidagi tajribasi bilan boʻlishadi. Yosh startaperlarga yirik fondlar va investorlardan investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro bozorga chiqish bo‘yicha tavsiyalar beradi.

Qoraqalpog‘istonlik Beknazar Abdikamalov oldin “Amazon"da dasturiy taʼminot muhandisi boʻlib ishlagan, hozirda u “Ami” ruhiy salomatlik boʻyicha startapning asoschilaridan biri hisoblanadi.

Janubiy Koreya va O‘zbekistondagi hamkorlari bilan birgalikda u “Meta” (Facebook) hamda “Goodwater Capital” (Kakao, Coupang va Viva Republica), “Strong Ventures”, “January Capital” va “Collaborative Fund” investorlaridan $3 mln sarmoya oldi.

Loyiha psixiatrik yordamni yanada qulayroq qilishga yordam beradigan onlayn maslahat seanslarini oʻz ichiga oladi. Bu Osiyo mamlakatlaridagi kompaniyalar egalariga oʻz xodimlarining ruhiy salomatligini yaxshilash uchun ushbu softʼni joriy etish imkonini beradi.

Uchrashuvda ishtirok etish uchun 18-yanvargacha (shu kuni ham) havola orqali roʻyxatdan oʻtish kerak.


Avvalroq “Spot” “Venchur tahlilchisi” onlayn kursining 8-oqimiga arizalar qabul qilinayotgani haqida yozgandi.