Prezidentning paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, gazlama, trikotaj mato va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari eksport qiluvchi korxonalarni mablag‘ bilan ta’minlash uchun $200 mln miqdoridagi mablag‘lar 3 yil muddatga yillik 4% stavkada ajratiladi.

To‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalariga elektr energiyasi iste’moli uchun bir oylik oldindan to‘lov talabi bekor qilinadi.

Shunigdek, soha korxonalarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun 2023-yil 1-aprelgacha 2 yil muddatga $500 mln miqdorida xorijiy moliyaviy tashkilotlar mablag‘larini jalb qilish choralari ko‘riladi.

Bundan tashqari, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari tomonidan xorijda savdo uyi va do‘konini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga $100 minggacha mablag‘ni chet elga o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Yil yakuniga qadar Andijon, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida to‘qimachilikka ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari hamda Toshkent viloyatida to‘qimachilik va charm sanoati mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan industrial texnopark tashkil etiladi.

Shu bilan birga, 2023-yil 1-aprelgacha talab yuqori bo‘lgan professional kasblar (tikuvchi, bichuvchi, yigiruvchi, mexanik) yo‘nalishida dual ta’lim tizimida mutaxassislar tayyorlash va xorijiy (Germaniya, Turkiya) ta’lim dasturlarini joriy qilish bo‘yicha pilot loyihalar Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Namanganda amalga oshiradi.

2023/2024 o‘quv yilidan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida to‘qimachilik sanoatida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni (muhandis, texnolog, dizayner, marketolog) tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi.


Avvalroq “Spot” to‘qimachilik loyihalariga qo‘shimcha $300 mln yo‘naltirilishi haqida yozgandi.