Farg‘onada davlatga 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgan mayning ferma aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining matbuot xizmati xabar berdi.
Holat yuzasidan departamentning Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tuman bo‘limi tomonidan viloyat ETK xodimlari bilan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
“K.a.” rahbari M.A. korxonaning Uchko‘prik tumanidagi yordamchi xo‘jaligida go‘yoki kompyuter texnikalarini ta’mirlash sexini tashkil etib, amalda 179 dona “Antminer” mayning qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulagan.
Natijada 794,7 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgan.
Departamentning Qo‘qon shahar bo‘limi tomonidan viloyat DXX va ETK xodimlari bilan o‘tkazilgan navbatdagi tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro S.S. O‘rikzor ko‘chasidagi uyida go‘yoki muzlatkichlarni ta’mirlash sexi tashkil etib, amalda 6 dona “Antminer” mayning qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulagani aniqlangan.
Natijada 126,1 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 283,8 mln so‘m zarar yetkazgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185−2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq, Buxoroda davlatga 2,5 mlrd so‘m, Andijonda esa 40,4 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazgan mayning-fermalar aniqlangandi.