Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi doirasida mamlakat Prezidenti Halima Yaqub va Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Davlat rahbari Singapur bilan yaqin istiqboldagi hamkorlikning beshta asosiy yo‘nalishini ko‘rsatib o‘tdi.
Birinchisi — inson kapitalini rivojlantirish va davlat boshqaruvi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash.
Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi ishtirokida boshqaruv, shaharsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, raqamli transformatsiya, innovatsiyalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida birgalikda davlat xizmatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturini amalga oshirishga kelishib olindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida Singapurning yetakchi ekspertlarini jalb qilgan holda davlat xizmatchilarini intensiv qayta tayyorlash dasturi ishga tushiriladi.
Ikkinchi yo‘nalish Singapurni O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilishga qaratilgan.
Muzokaralarda Singapur kompaniyalari tajribasi, texnologiyalari va boshqaruv usullaridan foydalanib, O‘zbekiston korxonalarini xususiylashtirish dorasidagi loyihalarni amalga oshirish muhokama qilindi.
Davlat korxonalarini transformatsiya qilish va tarkibiy o‘zgartirish, keyinchalik ularni IPOga chiqarish va tashqi investitsiyalarni jalb qilish uchun qo‘shma Investitsiya jamg‘armasini tuzish taklif qilindi.
Uchinchi yo‘nalish sifatida ilg‘or “yashil” texnologiyalar va raqamli yechimlarni jalb qilish belgilandi.
Singapurning raqamlashtirish sohasidagi yutuqlarini joriy qilish, shuningdek, ushbu mamlakatning “yashil” rivojlanish bo‘yicha innovatsiyalari va texnologiyalarini qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.
To‘rtinchisi — shahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarni takomillashtirish.
Shaharlarni rejalashtirish va qurilish, ko‘kalamzorlashtirish, kommunal xo‘jalik sohalarida hamkorlik bo‘yicha tadbirlar kelishib olindi.
O‘zbekistonda infratuzilma va tarmoq loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shma Loyihalashtirish va injiring markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuv shular jumlasidan.
Hamkorlikning beshinchi yo‘nalishi doirasida investitsiyalar va o‘zaro savdoni kengaytirish, Singapurning yetakchi kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Ustav kapitali $500 mln bo‘lgan O‘zbekiston-Singapur investitsiya kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Delegatsiyalar rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida 8 ta hujjat almashildi.
Avvalroq, Singapur kompaniyasi bilan to‘qimachilik va kimyo sanoatida yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangandi.
Shuningdek, O‘zbekistonda Singapurning ikkita universitet kampusi ochilishi, mamlakat xususiy maktab, ko‘p tarmoqli klinika hamda qo‘shma eksport kompaniyalarini tashkil etishga qiziqish bildirishi ma’lum bo‘ldi.
Mamlakat bilan aeroportlarni rivojlantirish, jamoat transportini raqamlashtirish, respublikada transport-logistika markazlarini qurish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi.