Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga jalb qilish, ularning xorijda huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Xorijning vakolatli tashkilotlari va ish beruvchilari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Buyuk Britaniya, Bolgariya, Latviya, Polsha, Germaniya, Serbiya, Finlyandiya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlardan 112 ta tashkilot bilan hamkorlik kelishuvlari imzolanib, ularda 15 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan.
Xususan, 2022-yilda Rossiya, Koreya, Qozog‘iston, Germaniya, Serbiya, Yaponiya, Angliya, Turkiya kabi davlatlarda 36 mingga yaqin fuqaro manzilli ishlarga joylashtirildi.
Shuningdek, muzokaralar natijasida Koreyaga 4901 nafar, Angliyaga 78 nafar, Germaniyaga esa 63 nafar fuqaro ishga jo‘natilgan.
Bugungi kunda chet elda ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun Germaniya, Ruminiya, Vengriya, Angliya kabi davlatlarda tibbiyot, haydovchilik, qurilish hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning turli sohalarida bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilmoqda.
Yuqoridagi ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumot olish uchun agentlikka 1282 qisqa raqami yoki +998712023355 va +998712000061 raqamlari orqali murojaat qilish mumkin.
Avvalroq Tashqi ishlar vazirligi hamda Yaqin Sharq va Yevropa davlatlarida rekruting sohasida faoliyat yuritadigan “ABC International Placement Services” kompaniyasi o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “ABC International Placement Services” o‘rtasida hamkorlik loyihalarini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
“ABC International Placement Services” rahbari Nikhil Mansharamani o‘zaro hamkorlikka katta qiziqish bildirib, O‘zbekistondan malakali ishchilarni jalb qilish jarayonini huquqiy tomondan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar o‘rtasida hamkorlikning huquqiy asoslari, ishchilarni tanlashda tashkiliy jihatlarni tartibga soluvchi memorandum loyihasini hozirlash va imzolash masalalarini ishlab chiqishga kelishildi.