Bolgariyadan O‘zbekistonga charter aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi bilan Bolgariya turizm vazirligi o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ta’kidlangan.

Tomonlar O‘zbekiston hamda Bolgariya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik, sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha muhokamalar olib borgan.

Shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashishni masalasi ham ko‘rib chiqilgan.

O‘zbekiston turizmida amalga oshirilayotgan turistik investitsiya loyihalari, shuningdek, tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda investorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar berilgan.

Joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston hamda Bolgariyada turizm sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning B&G, B2B formatida uchrashuvlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.


Avvalroq, Bruneyning “Royal Brunei Airlines” aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Bundan tashqari, Germaniyadan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.