Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Iste'mol krediti to‘g‘risida"gi qonunning 15-moddasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Hujjat bilan, qonunga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan, shuningdek, O‘zbekistondan tashqarida ishlab chiqarilgan tovarlar uchun moliyaviy iste’mol kreditlari berish imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida iste’mol kreditidan foydalanish mexanizmi kengaytirilmoqda.
Ya’ni O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan tovarlar (xizmatlar) uchun ham iste’mol krediti ajratishga ruxsat beriladi.
Qonun loyihasi bo‘yicha takliflar bildirilib, kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ma’qullandi. Shuningdek, deputatlar tomonidan qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga kiritilishi belgilandi.
Gap nima haqida
Mamlakatda iste’mol kreditlariga talab ortib borayotgani bilan birga amaldagi qonunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovarlarga iste’mol krediti berish cheklangan.
Bu esa aholining o‘z hisobidan kredit evaziga xarid qiladigan mahsulotini tanlash imkoniyatini kamaytirishiga hamda iste’molchilar huquq va manfaatlari buzilishiga olib keladi.
2022-yilning sentabr oyida esa “Iste'mol krediti to‘g‘risida"gi qonunning 15-moddasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi e’lon qilindi.
Unda aynan, iste’mol krediti evaziga xarid qilinayotgan tovarlar va xizmatlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bo‘lishi kerak, degan cheklov olib tashlanishi keltirilgandi.