Hukumat qarori bilan 2023−2026 yillarda Toshkentda barpo etilgan “Inno” texnoparki shaklidagi texnoparklarni Nukus, Buxoro, Jizzax va Namanganda bosqichma-bosqich barpo etish belgilangandi.
Innovatsion rivojlanish agentligi matbuot xizmati xabar berishicha, Jizzaxda mazkur turdagi “inno” texnoparki quriladi.
Texnopark loyihachisi “D&B Masters” kompaniyasi hisoblanib, Jizzax shahri “Sangzor” MFY hududidan 7294 kv.metr maydonda bino qad rostlashi mumkin.
Loyiha haqida pudratchi va loyiha tashkilotlariga ma’lumot berish maqsadida uchrashuv o‘tkazildi hamda texnoparkni qurish ishlari tender o‘tkazilganidan so‘ng, mart oyida boshlanishi ma’lum qilindi.
Qarorda ta’kidlanganidek, texnoparklarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
- iqtidorli yoshlar, talabalar, ilmiy xodimlar, professor-o‘qituvchilarni innovatsion faoliyatga jalb etish;
- biznes-inkubatorlar, tajriba maydonchalari tashkil qilish;
- tashabbuskor yoshlarning startap loyihalarini rivojlantirish hamda ularni joriy etish va moliyalashtirish;
- yetakchi xorijiy kompaniyalar vakillari, ekspertlar ishtirokida treninglar va mahorat darslari o‘tkazish.
Xususan, texnoparklarda 8 ta startap akselerator, 4 ta biznes inkubator, 4 ta ishlab chiqarish maydoni hamda 12 ta kovoring markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Avvalroq, Toshkent viloyatida to‘qimachilik va charm sanoati mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan industrial texnopark tashkil etilishi ma’lum bo‘lgandi.