BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyatining Tomdi tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.

Xitoyning “Goldwind” kompaniyasi mazkur shamol elektr stansiyasi uchun 111 ta turbinani yetkazib berishga kelishgandi.

Shunga ko‘ra, Xitoyning Lanjou shahridan mazkur stansiya uchun shamol generator va turbinalari maxsus transport vositalari orqali olib kelinmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Stansiya joriy yil yakunida ishga tushiriladi hamda yiliga 1 mlrd 800 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Buning natijasida yiliga 540 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi va atmosferaga 720 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.

Avvalroq, Zarafshon shamol elektr stansiyasi “Project Finance International Awards” tomonidan Markaziy Osiyoda yilning eng yaxshi bitimi deb topilgandi. Loyihaga $600 mlndan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, 2024-yilda yakunlanishi ta’kidlangandi.