Avvalroq, O‘zbekiston va Singapur qo‘shma loyiha-injiniring markazini tashkil etishi haqida xabar berilgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, “Meinhardt group” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur markaz bilan immunobiologik preparatlar ishlab chiqaruvchi farmatsevtika korxonasi tashkil etiladi.

Loyihaning umumiy qiymati $49 mln.ga teng bo‘lib, O‘zbekistonda kasalliklar profilaktikasi va davolash jarayonida qo‘llaniladigan quyidagi preparatlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi:

  • vaksina, anatoksin, probiotik va eubiotiklar;
  • immunoglobulin va immun zardoblari, gen injenerligi yo‘li bilan olingan monoklonal antitanalar;
  • immun korreksiyasi, immun tanqisligi muolajasi va profilaktikasida qo‘llaniladigan immunomodulyatorlar (interleykin, interferon, timus gormonlari, miyelopeptidlar, o‘sma nekrozi omili, o‘sish omillari va boshqalar).

Bundan tashqari, “CPG International” kompaniyasi hamkorligida ochilayotgan O‘zbekiston-Singapur investitsiya korxonasi bilan qiymati $100 mln.lik ildiz hujayralari asosida dori vositalari tayyorlovchi biofarmatsevtika kompleksini tashkil etishga qaratilgan loyihani amalga oshirishga kelishildi.

Loyihaning amalga oshirilishi sabab onkologik kasalliklar muolajasi, ko‘mik to‘qimalari transplantologiyasi hamda markaziy asab tizimi hujayralarini tiklashda qo‘llaniladigan biofarmatsevtik vositalar ishlab chiqarish imkoniyati yaratilishi ta’kidlangan.


Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev mamlakat bilan hamkorlikning 5 ta asosiy yo‘nalishini belgilab bergandi. Shuningdek, ustav kapitali $500 mln bo‘lgan investitsiya kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Singapur kompaniyasi bilan to‘qimachilik va kimyo sanoatida yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangani, O‘zbekistonda mamlakatning ikkita universitet kampusi ochilishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.

Mamlakat bilan aeroportlarni rivojlantirish, jamoat transportini raqamlashtirish, respublikada transport-logistika markazlarini qurish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi.