2022-yilning noyabr oyida BAAning “Terminals Holding” kompaniyasi bilan “Uzbekistan Airports” o‘rtasida “Navoiy” xalqaro aeroporti yuk terminalini boshqaruvga berish bo‘yicha kelishuv imzolangandi.
Bu orqali “Terminals Holding” tomonidan taklif etilayotgan texnologiyalar va investitsiyalardan foydalangan holda “Navoiy” aeroportining yuk aylanmasini oshirish va havo bandargohini dunyodagi yirik yuk xablari bilan bog‘lash vazifasi qo‘yilgan. Bu tranzit hajmini kamida o‘n barobar oshirish imkonini berishi kutilmoqda.
“Uzbekistan Airports” matbuot xizmatining xabar berishicha, kompaniya vakillari “Navoiy” aeroportining yuk terminalida bo‘lib, infratuzilma, omborlardagi mavjud maxsus texnika va jihozlar bilan tanishdi.
Shuningdek, import qilinadigan tovarlarni qayta ishlash jarayonlari va bojxona organlari bilan hamkorlikni hamda O‘zbekiston yuk tashish sohasi bilan bog‘liq qonunchilik normalarini o‘rganishga kirishdi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, kompaniya mutaxassislari yuk xabini rivojlantirish strategiyasini va yuk reyslarining istiqbolli yo‘nalishlari prognozini tuzadi.
Singapurning “Changi Airports International” kompaniyasi “Toshkent” xalqaro aeroporti loyihasini amalga oshirishga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi. Bu bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolanib, loyihaning umumiy qiymati $1 mlrdgacha yetishi ta’kidlanmoqda.