Anomal sovuq davrida Surxondaryoda aholi va ijtimoiy soha binolarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Tojikistondan qo‘shimcha elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari"ning hududiy filiali matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Sho‘rchi, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on tumanlarining 70%i, Bandixon, Qiziriq, Sherobod tumanlarining 90%i va Boysun tumanidagi elektr energiya iste’molchilari Sariosiyo, Uzun, Denov tumanlari qatori Tojikistonning “Regar-500” podstansiyasidan chiquvchi 220kVli “L-Regar-Zarchop” va “L-Regar-Sherobod” elektr uzatish tarmoqlari orqali kuchlanish bilan ta’minlangan.
Termiz, Jarqo‘rg‘on tumanlarining 30%i, Muzrabot, Angor, Sherobod tumanlarining 10%i hamda Termiz shahrining elektr energiya iste’molchilari 196 MVt yuklama bilan O‘zbekiston orqali kuchlanish bilan ta’minlanmoqda.
Avvalroq, prezident energiya ta’minotini yaxshilash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, energiya tanqisligi sharoitida kunlik ishlab chiqarishni ko‘paytirish vazifasi berilgandi.
Shuningdek, anomal sovuq davrida Toshkentning barcha darajadagi rahbarlari tanqid qilingandi. Xususan, Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar hokimi lavozimidan ozod etildi. Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa tumanlari hokimlariga “hayfsan” berildi. “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati raisi Farhod Abduraxmonov lavozimidan ozod etildi.