2022-yilda Xitoyga gaz quvuri orqali yoqilg‘i yetkazib beruvchi davlatlar ichida Turkmaniston yetakchilik qilmoqda. Bu haqda Xitoy bojxona qo‘mitasiga tayanib “TACC” xabar berdi.

Unga ko‘ra, mazkur davrda mamlakatdan Xitoyga $10,2 mlrd mahsulot yetkazib berilgan hamda ko‘rsatkich 51%ga o‘sgan.

Turkmanistondan keyin, ikkinchi o‘rinda Rossiya turibdi. Mamlakatning quvur orqali Xitoyga gaz yetkazib berish qiymati $3,9 mlrd dollarni tashkil etib, ko‘rsatkich 2,6 barobarga oshgan.

Rossiyadan keyingi uchinchi o‘rinda qiymati $1,4 mlrd.lik yetkazilgan yoqilg‘isi bilan Myanma turibdi. Mamlakat ko‘rsatkichini 1,3%ga oshirgan. Undan keyingi pog‘onani 4%lik kamayish bilan Qozog‘iston egallagan, mamlakat yetkazib bergan gaz hajmi $1,08 mlrd.ni tashkil etgan.

O‘tgan 12 oy davomida O‘zbekiston qiymati $1,07 mlrd.lik gaz quvuri orqali gaz yetkazib bergan.

Natijada mamlakat ko‘rsatkichi taxminan 33,9%ga oshgan.

2022-yilning noyabr oyida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Xitoyga quvur orqali qiymati $920 mlnga yaqin gaz yetkazib bergandi.


Avvalroq, O‘zbekiston Turkmanistondan gaz importini 1,5 mlrd kub metrga oshirishi haqida kelishuv amalga oshirilgandi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay Turkmaniston sovuq havo tufayli O‘zbekistonga gaz eksportini to‘xtatdi.