“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi “Airbus” aviaqurilish kompaniyasi bilan A320neo oilasiga tegishli 12 ta samolyot xarid qilish uchun shartnoma imzoladi, deya xabar bermoqda aviakompaniya matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, aviakompaniya sotib oladigan sakkizta A320neo va to‘rtta A321neo bugungi kunda 17 ta Airbus A320 samolyotlaridan iborat “Uzbekistan Airways” aviaparkiga kelib qo‘shiladi.
Yangi shartnoma doirasida dvigatellarni tanlash keyinchalik aviakompaniya tomonidan buyurtma qilinadi.
Ta’kidlanishicha, yangi samolyotlar Airbus Airspace saloniga ega bo‘lib, u yo‘lovchilarga havo transporti bozorida yuqori darajadagi qulaylikni taqdim etadi.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi yangi havo kemalaridan yo‘nalishlar tarmog‘ini yanada kengaytirish uchun foydalanishni rejalashtirmoqda.
“„Airbus“ bilan imzolangan shartnoma aviakompaniya parkini modernizatsiya qilish strategiyamizning yangi bosqichi bo‘lib, yo‘lovchilarga eng zamonaviy va qulay havo kemalarini taklif qilishni davom ettirishga imkon beradi”, — dedi “Uzbekistan Airways” boshqaruv raisi Ilhom Mahkamov.
Mahkamovning qo‘shimcha qilishicha, A320neo oilasining ushbu havo kemalari Markaziy Osiyo mintaqasidagi aviakompaniya mavqeini yanada yaxshilashga va mintaqa ichida ham, undan tashqarida ham parvozlar xaritasini sezilarli darajada kengaytirishga yordam beradi.
“Uzbekistan Airways” 2019-yil 11-mart kuni aviaparkini birinchi Airbus A320neo samolyoti bilan to‘ldirgandi. Ikkinchi Airbus A320neo avialayneri esa aprel oyida olib kelingandi.
A320neo — yonilg‘i tejamkorligi CO2 (karbonat angidrid) chiqindilarining kamida 20 foizini ta’minlaydigan yangi avlod dvigatellari va Sharklets kabi eng so‘nggi texnologiyalarni o‘z ichiga oladi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonga qanday samolyotlar xarid qilinishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.