25-yanvardan O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish qayta tiklanishi rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati.
Mamlakatda kuzatilayotgan anomal ob-havo davrida issiqlik elektr stansiyalari yoqilg‘i ta’minotida vujudga kelgan muammolar va turli nosozliklar paydo bo‘lgani, shuningdek, iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish vaqtinchalik to‘xtatilgandi.
Ushbu fors-major holati haqida Afg‘oniston energetika tashkiloti ogohlantirilgan.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va ichki iste’molga mo‘ljallangan elektr energiyasi eksportga yo‘naltirmasligi ta’kidlanadi xabarda.
Hukumatlararo kelishuvga asosan amalga oshiriladigan elektr energiyasi import amaliyotining bir qismi Afg‘onistonga eksport qilinadi.
Avvalroq, anomal sovuq sabab O‘zbekiston Tojikistondan elektr energiyasi importini oshirgandi. Xususan, Surxondaryoning 14 ta tumanidan sakkiztasi qo‘shni davlatdan sotib olingan elektr energiyasi bilan ta’minlangan.
Shuningdek, mazkur davrda qarzdorlik sabab xonadonlar elektr va gazdan uzib qo‘yilmasligi haqida ma’lum qilingandi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” bergan ma’lumotiga ko‘ra, 27-yanvardan elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi qayta ishga tushiriladi.
Avvalroq, Turkmaniston O‘zbekistonga gaz eksportini qayta tiklagani haqida xabar berilgandi.