Bill Geyts tomonidan asos solingan “Breakthrough Energy Ventures” investitsiya fondi Avstraliyaning “Rumin8” startapiga dastlabki moliyalashtirish bosqichida $12 mln sarmoya kiritdi, deya xabar bermoqda “Bloomberg” nashri.
“Rumin8” kompaniyasi 2021-yilda tashkil etilgan va Avstraliyaning Pert shahrida joylashgan. U okeandagi fitoplankton va suv o‘tlari tomonidan ishlab chiqariladigan bromoformni o‘z ichiga olgan ozuqa qo‘shimchasini ishlab chiqaradi.
“Rumin8” hammuassisi Devid Messinaning so‘zlariga ko‘ra, laboratoriya sinovlari qo‘shimcha qoramollardan metan chiqindilarini 95%dan ko‘proq qisqartirishi mumkinligini ko‘rsatdi.
BMTning hisob-kitoblariga ko‘ra, atrof-muhitga emissiyaning taxminan 32%i chorvachilik faoliyatidan kelib chiqadi.
2021-yilda Kaliforniya universiteti tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, sigirlarni dengiz o‘tlari bilan boqish ular chiqaradigan gaz miqdorini 82%ga kamaytiradi.
Ba’zi olimlar ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha 1987-yilgi Monreal protokoli qoidalari tufayli yuqori bromoformli sintetik o‘rinbosarlardan foydalanishda ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda, deb yozadi “Bloomberg”.
2022-yil fevral oyida “Breakthrough Energy Ventures” venchur kapitalist Kris Sakkaning “Lowercarbon Capital” kompaniyasi bilan hamkorlikda qayta tiklanadigan energiya startapiga $50 mln sarmoya kiritdi. Kompaniya shamol va quyosh energiyasidan nol emissiya energiyasini oladi.