“IT Park” andijonlik 17 yoshli IT-mutaxassis Muhammadjon Qobuljonov hikoyasini taqdim etdi.
Muhammadjon Qobuljonov Andijon viloyatining Asaka tumanida tug‘ilgan. Hozir tumandagi 2-sonli kasb-hunar kollejining 2-bosqich talabasi.
Muhammadjon dasturchilik sohasiga 13 yoshida kirib kelgan. Mutaxassisligi bo‘yicha dasturchi va veb-dizayner.
Unda sohaga degan katta qiziqish bo‘lgan hamda raqamli texnologiyalar yo‘nalishidagi mutaxassislarga bo‘lgan talabning yuqoriligini hisobga olgan holda IT-sohasiga kirishga qaror qilgan.
Uning aytishicha, boshlanishida barcha darslar masofaviy tarzda o‘tilgani o‘zlashtirish jarayonini biroz qiyinlashtirgan.
Keyinchalik 2020-yilda ochilgan IT-markazda tahsil olib, “UDM”, “One Million Uzbek Coders” va “Mohirdev” tomonidan tashkil etilgan kurslarni tamomlagan.
Hozirda o‘quv markazida ta’lim bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlayotgan Muhammadjon frilanser sifatida ham faoliyat yuritadi.
Uning daromadi oyiga o‘rtacha $700 dan $1000 gacha. Shu kungacha 20 dan ortiq loyihalarni muvaffaqiyatli yakunlashga ulgurgan.
Loyihalari qatoridan Rossiya va Belorussiya kabi davlatlar ham o‘rin olgan.
Muhammadjonning fikricha IT-sohasida jamoaviy ishlashning o‘rni juda muhim. Loyihalarni yaratayotganda “Frontend” va “Backend” qismlarini alohida mutaxassislar bajarsa u yanada sifatliroq va tezroq yakunlanadi, deb hisoblaydi.
U kelajakda senior dasturchi darajasiga ko‘tarilib, frilans ravishda ishlovchi jamoani shakllantirishni orzu qiladi.
Avvalroq, oyiga $700 topayotgan qoraqalpog‘istonlik IT-mutaxassis Niyetulla Abdullayev hikoyasi taqdim etilgandi.