2022-yil 14-dekabr kuni O‘zbekistonga Turkmanistondan tabiiy gazi importi 1,5 mlrd kub metrga oshirilishi haqida xabar berilgandi.
Mazkur kelishuv 12-dekabr kuni Ashxobodda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov tomonidan imzolangan.
Biroq, oradan ko‘p o‘tmay Turkmaniston sovuq havo tufayli O‘zbekistonga gaz eksportini to‘xtatdi.
21-yanvardan boshlab, Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yeksportini bosqichma-bosqich qayta tiklamoqda. Bu haqda “Gazeta.uz"ga “O‘ztransgaz” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Turkmaniston sovuq ob-havo tufayli yuzaga kelgan texnik sabablarga ko‘ra 12-yanvardan boshlab O‘zbekistonga gaz eksportini to‘xtatgandi.
Turli manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, gaz ta’minoti to‘xtatilishiga “Galkanish” gaz kondensati koni ichidagi kommunikatsiyalarida gidrat hosil bo‘lishi sabab bo‘lgan. Bu kuchli sovuqlarda sodir bo‘ladi va fors-major hodisadir, deb tushuntirdi mutaxassislar.
“O‘ztransgaz” ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmaniston kuniga 4,8 mln kub metr hajmi bilan qayta tikladi, bugungi kunga kelib ushbu ko‘rsatkich 12,6 mln kub metrgacha oshirildi.
“Gaz yetkazib berishning kunlik hajmi bosqichma-bosqich 16 mln kub metrga yetkaziladi. Sovuq kunlar boshlanguncha aynan shuncha miqdorda gaz yetkazib berilardi”, — deya qayd etdi kompaniya.
Avvalroq “Spot” 2022-yilda O‘zbekiston Xitoyga quvur orqali qiymati $1 mlrddan ortiq gaz yetkazib bergani haqida yozgandi.