O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsuli Fariddin Nasriyev Rossiyaning Ulyanovsk viloyati hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Marina Alekseyeva bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar bermoqda.
Ulyanovsk tomon O‘zbekiston bilan yengil sanoat, mashinasozlik, qurilish, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va turizm kabi sohalarda hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.
Xususan, O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va mahsulotlarni sotish geografiyasini kengaytirish maqsadida Ulyanovsk viloyati korxonalarining “Chirchiq” sanoat parki bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston to‘qimachilik va meva-sabzavot mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib beruvchi savdo uylarini ochish taklifi bildirildi.
Ulyanovsk viloyati Turizm agentligi rahbari Denis Ilin bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tomonlar sayyohlik imkoniyatlari hamda o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha muhokama yuritdi.
Ulyanovsk-Toshkent-Ulyanovsk xalqaro avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish hamda sayyohlik salohiyatini targ‘ib etish uchun sayyohlik agentliklari vakillari va OAV xodimlari uchun O‘zbekistonga info-tur tashkil etish taklifi bildirildi.
Avvalroq, joriy yilning 2-fevralidan Toshkent-Novosibirsk-Toshkent yo‘nalishidagi poyezd qatnovi qayta yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.