“Gazprom” rahbari Aleksey Miller va Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi, deya xabar bermoqda “Gazprom” matbuot xizmati.
Unga ko‘ra, tomonlar o‘zaro hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqqan. Yakunda esa gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolangan.
Noyabr oyi oxirida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Vladimir Putin bilan O‘zbekiston ishtirokida uch tomonlama gaz ittifoqini yaratish imkoniyatlarini muhokama qilgandi.
Keyinchalik Rossiya, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida gaz ittifoqi boʻyicha muzokaralar davom etayotgani haqida xabar berildi.
Rossiya bosh vaziri oʻrinbosari Aleksandr Novak esa Rossiya Oʻzbekiston va Qozogʻistonga gaz yetkazib berish hajmini oshirish masalasini muhokama qilganini ta’kidlagan. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston va Qozogʻistonda isteʼmol hajmi ortib borayotgani sabab, muhokamalar oʻtkazilgan.
2022-yilning dekabr oyida prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov tomonidan O‘zbekiston Turkmanistondan gaz importini 1,5 mlrd kub metrga oshirishi bo‘yicha kelishuv imzolangandi.
Biroq, oradan ko‘p o‘tmay Turkmaniston sovuq ob-havo tufayli yuzaga kelgan texnik sabablarga ko‘ra O‘zbekistonga gaz eksportini to‘xtatdi. 21-yanvardan boshlab esa mamlakat O‘zbekistonga gaz eksportini bosqichma-bosqich qayta tiklamoqda.
Shuningdek, Xitoy bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekiston Xitoyga quvur orqali qiymati $1 mlrddan ortiq gaz yetkazib bergan hamda ko‘rsatkich qariyb 33,9%ga oshgan.