Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasiga bir qator vakolatlar berildi.
Jumladan, a’zolarining manfaatlarini ko‘zlab Oliy sudga ariza berishi hamda iqtisodiy, ma’muriy, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan shikoyat kiritishi mumkin.
Shuningdek, 2023-yil 1-fevraldan mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari palata a’zoligiga, a’zolik va kirish badallaridan ozod qilingan holda, tekin qabul qilinadi.
Palata tadbirkorlarning manfaatlarida sudlarga taqdim etadigan ariza, da’volar hamda apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari bo‘yicha davlat boji to‘lovlaridan ozod etiladi.
Qarorga ko‘ra, palataning hududiy boshqarmalari huzurida jamoatchilik asosida kamida 20 nafar ilg‘or tadbirkorlardan iborat Tadbirkorlik kengashlari tashkil etiladi.
Kengashning vazifalari:
- doimiy ravishda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil qilib borish;
- tadbirkorlar o‘rtasida biznesga oid qonunchilik hujjatlari mohiyati va ahamiyatini tushuntirish ishlarini amalga oshirish;
- tarmoq korxonalari orasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish;
- joylardagi ishbilarmonlik muhitining holatini tahlil qilish hamda takliflarni palataga taqdim etib borish.
Avvalroq “Spot” Savdo-sanoat palatasi hukumat bo‘ysunuvidan to‘liq chiqarilishi haqida yozgandi.