Avvalro, Energetika vazirligi hamda “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolangandi.

Bu bo‘yicha vazirlikning rasmiy axboroti e’lon qilindi. Ta’kidlanishicha, muzokaralar davomida Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishning texnik imkoniyatlari muhokama qilingan.

Imzolangan “Yo‘l xarita"ga muvofiq tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarga va o‘rganishga kelishib olingan.

Ishchi guruh texnik jihatdan barcha ishlarni yakunlagandan so‘ng, tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartlarni muhokama qiladi.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, olib borilgan muzokaralar hamda “Yo‘l xaritasi"da O‘zbekistonning mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda ichki bozorga tabiiy gaz zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilingan.

“Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q”, deyiladi xabarda.

Mazkur yo‘nalishdagi barcha ishlar O‘zbekistonning milliy manfaatlarini to‘liq himoya qilgan holda amalga oshirilib, natijalari yuzasidan doimiy ravishda jamoatchilikka ma’lum qilib boriladi.


2022-yilning dekabr oyida prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov tomonidan O‘zbekiston Turkmanistondan gaz importini 1,5 mlrd kub metrga oshirishi bo‘yicha kelishuv imzolangandi.

Biroq, oradan ko‘p o‘tmay Turkmaniston sovuq ob-havo tufayli yuzaga kelgan texnik sabablarga ko‘ra O‘zbekistonga gaz eksportini to‘xtatdi. 21-yanvardan boshlab esa mamlakat O‘zbekistonga gaz eksportini bosqichma-bosqich qayta tiklamoqda.