Toshkent shahar hokimligida hokim o‘rinbosari Sharof Rahmonov Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha direktor Ervan Xuard boshchiligidagi “Groupe Casino” kompaniyasi (Fransiya) vakillari bilan uchrashdi.

Rahmonov mamlakatda faoliyat yuritayotgan yirik chakana savdo tarmoqlari haqida gapirar ekan, “Groupe Casino” ham O‘zbekistonda munosib o‘rin egallashi mumkinligini aytdi.

Chakana savdo bozorining jadal rivojlanishi biznes uchun noyob imkoniyatlarni taqdim etishini ma’lum qildi.

Ervan Xuard samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, giper-, super- va minimarketlarning keng tarmog‘iga ega bo‘lgan yirik fransuz chakana savdo tarmoqlaridan biri bo‘lgan “Groupe Casino” haqida ma’lumot berdi.

Mehmon Toshkent shahrida savdo tarmog‘ini ochishdan manfaatdor ekanligini ta’kidlab, poytaxt hokimligi ko‘magiga umid bildirdi.

Uchrashuvda hokimlik vakili xorijiy kompaniyani qo‘llab-quvvatlashga, xususan, Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘limi ko‘magida mahalliy hamkorlar bilan uchrashuv tashkil etishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.

Kompaniya haqida

Groupe Casino” — 1898-yilda Fransiyaning Vauch shahrida tashkil etilgan. Ayni paytda butun dunyo bo‘ylab “Casino Group” brendlari ostida 11,5 mingdan ortiq super va gipermarketlar ishlaydi.

Fransiyadan tashqari kompaniya Lotin Amerikasining to‘rtta davlatida — Argentina, Braziliya, Kolumbiya, Urugvay va Kamerunda keng tarqalgan. Franchayzing tarmog‘i do‘konlari Afrika, Yevropa va Yaqin Sharqdagi 21 ta davlatda ham faoliyat yuritadi.


Avvalroq “Spot” Rossiyaning “Vkusno — i Tochka” fastfud restoranlari tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishi mumkinligi haqida yozgandi.