“IT Park” va Oʻzbekiston Markaziy Banki moliyaviy savodxonlik sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzoladi, deya xabar bermoqda “IT Park” matbuot xizmati.
Qayd etilischicha, hujjat moliyaviy ta’limni rivojlantirish sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
Ikki tashkilotning birgalikdagi sa’y-harakatlari mamlakat yoshlari va aholisining raqamli moliyaviy savodxonligini oshirishga yordam berishi kutilmoqda.
Kelishuv doirasida raqamli texnologiyalar hamda xizmatlardan xavfsiz va samarali foydalanish bo‘yicha onlayn taʼlim materiallarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy savodxonlik bo‘yicha taʼlim dasturlari va loyihalari ishlab chiqiladi.
Shu bilan birga, “IT Park” va Markaziy Bank o‘rtasida moliyaviy savodxonlik masalalari bo‘yicha qo‘shma taʼlim kurslari, vebinarlar, seminarlar va davra suhbatlari o‘tkazishga kelishib olindi.
Markaziy bank 2021-yilda moliyaviy savodxonlik boʻyicha mobil ilovani ishga tushirgandi.
Shuningdek 2022-yil oktabr oyida regulyator aholining moliyaviy madaniyatini oshirish maqsadida “Moliyaviy savodxonlik” teleloyihasini ishga tushirdi.
Dasturda quyidagi mavzular yoritiladi:
- raqamli moliyaviy savodxonlik va xavfsizlik;
- jamgʻarish madaniyatini oshirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish;
- tadbirkorlar uchun moliyaviy savodxonlik.
Unda soha mutaxassislari bilan intervyu shaklida teletomoshabinlar duch kelgan masalalar muhokamasi bilan jonli efir davomida oʻtkaziladi.